Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Bahrayn axborot agentligi – BNA O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Bahrayn Podshohligi tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid Al-Zayani bilan uchrashganini yoritdi.

Maqolada Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi doirasida bo‘lib o‘tgan tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘zaro muloqotida O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yuksaltirishga qaratilgan yaqin istiqbolga mo‘ljallangan qator maqsadlar belgilab olingani ta’kidlangan.

Samimiy ruhda kechgan suhbat chog‘ida ikki do‘st davlat o‘rtasidagi aloqalarning barcha jihatlari, qo‘shma hamkorlik yo‘nalishlari va hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

Shuningdek, uchrashuvda Bahrayn Tashqi ishlar vazirligining Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari masalalari sektori boshlig‘i, elchi Fotima Abdulloh Az-Zoin xonim va unga hamrohlik qiluvchi delegatsiya vakillari ishtirok etdi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA