Vatanga qasamyod yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishdek muqaddas burchni ado etishga bel bog‘lagan har bir yigitning tantanali va’dasi sanaladi. Shuningdek, bu qasamyod Vatan himoyasi yo‘lidagi mas’uliyatli va sharafli vazifani o‘zida mujassam etgan huquqiy hujjat bo‘lib, Qurolli Kuchlar safiga kirgan yosh harbiy xizmatchining hayotidagi unutilmas kun.

Shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab Milliy gvardiya harbiy qism va muassasalariga 2024-yilda yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilarning Vatanga qasamyod qabul qilish marosimlariga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda yosh askarlar qasamyodda bitilgan muqaddas so‘zlarni tilga olib, O‘zbekiston xalqiga va Prezidentiga sadoqatli bo‘lishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablarini so‘zsiz va vijdonan bajarishga, xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga tantanali ravishda va’da berdilar.

Tadbirda har bir yosh muddatli harbiy xizmatchilarga Prezident sovg‘asi, kitoblar jamlanmasi tantanali ravishda topshirildi.

Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismda bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev Vatanga qasamyod qabul qilgan barcha yosh askarlarni hamda ularning yaqinlarini samimiy muborakbod etdi.

Milliy gvardiya bo‘linmalarida muddatli harbiy xizmat o‘tash uchun kirishayotgan yosh o‘g‘lonlar bir yil qisqa vaqt bo‘lsada, har bir daqiqadan unumli foydalangan holda komandirlar tomonidan beriladigan harbiy bilim va ko‘nikmalarni mustahkam egallab, davlatimiz rahbari tomonidan Milliy gvardiyaga bildirilgan ishonchni oqladi, vazifalarni sidqidildan bajardi.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini, jamoat tartibi va xavfsizligini saqlashdek sharafli va mas’uliyatli vazifaga otlanayotgan o‘g‘lonlarimizga omad tiladi.

Yosh askarlarning qurol bilan taktik harakatlarni amalga oshirishi, “qo‘l jangi” usullari, “Faxriy qorovul” saf elementlarini o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmali chiqishlari barchani birdek hayratda qoldirdi. O‘z farzandlarining yigitlik burchini ado etishga kirishganini ko‘rgan ota-onalar qalblari faxr-iftixorga to‘ldi.

Marosim so‘ngida harbiy orkestr ijrosidagi musiqali chiqishlar va Milliy gvardiya ansambli san’atkorlarining Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari barchaga birdek bayramona kayfiyat ulashdi.

 

N.Rahmonova,  

O‘zA