Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani hokimi, 1-sektor rahbari V.Niyazimbetov markazdan 240 kilometrdan ortiq uzoqlikda joylashgan “Chuqurqoq” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining holidan xabar oldi.
Tashrif davomida mahallada istiqomat qilayotgan 800 nafarga yaqin aholini Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etdi va ularning murojaatlari bilan tanishish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi.
Aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda sektorlar, aloqador korxona va tashkilotlar rahbarlari, muassasalar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda Chuqurqoq mahallasida ko‘pgina ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, hududda savdo yarmarkasi doimiy tashkil qilinib kelinmoqda. Hududdagi kam ta’minlangan 6 ta xonadonga, maktabgacha ta’lim muassasasi, ovul shifokorlik punktiga, suv tozalovchi EKOS tashkiloti uchun quyosh panellari o‘rnatib berildi. Tuman markaziga qatnash uchun avtobus muammosi ijobiy hal etilib, haftasiga bir marta qatnov yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, bolalar uchun yangi “Workout” maydonchasi qurib bitkazildi. Kadastr hujjatlari yo‘q bo‘lgan xonadon egalariga hujjatlari rasmiylashtirib berildi. Ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, fuqarolar murojaati asosida yangi maktab foydalanishga topshirildi. Bu galgi uchrashuvda ham yana bir nechta fuqaroning murojaatlari joyida hal etildi.
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar natijasida fuqarolarning turmush farovonligi oshib bormoqda.
Tuman hokimi mahallaga tashrifi davomida hududdagi 33-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. O‘quv xonalarini ko‘zdan kechirib, ko‘rsatmalar berdi. Maktab o‘quvchilariga kitoblar va sport anjomlari sovg‘a qilindi. Shu bilan birga, umumta’lim maktabi oldiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali ko‘chatlar ekildi.
Tuman hokimi hududdagi nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillariga nogironlik aravachasi va oziq-ovqat mahsulotlari topshirdi. Shuningdek, hududdagi aholiga ichimlik suvini yetkazib beruvchi EKOSni borib ko‘rdi.
Albatta, o‘zlariga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibordan “Chuqurqoq”da istiqomat qilayotgan insonlarning ko‘ngillari ko‘tarilib, davlatimiz va hukumatimiz e’tiborida ekanligini chuqur his etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ezgulikka yo‘g‘rilgan mazkur tadbirlar jamiyatimizda mehr-oqibat, odamiylik, ezgulik kabi fazilatlarni yanada kuchaytirishi bilan birga, barchani savob ishlar sari undamoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri