Germaniya Bundesligasining 29-turida «Bayer» o‘z maydonida «Verder» jamoasini qabul qildi va 5:0 hisobida yengdi. Uchrashuvda Bonifeys va Jaka bittadan Virs esa uchta gol urishga muyassar bo‘ldi. 42 yoshli Xabi Alonso «Bayer» jamoasini Bundesliga mavsumi yakunlanishiga besh tur qolganda chempionga aylantirdi.

«Bavariya» va «Shtutgart» ham chempionlik unvoniga da’vogarlik qilishi mumkin edi. Biroq endi «Bayer»ning raqiblari yetakchiga yetib olish imkoniyatini yo‘qotdi. «Bayer» turnir jadvalida har ikki raqibdan 16 ochkoga oldinga o‘tib ketdi. Shu tariqa, Leverkuzen klubi o‘z tarixida ilk bor mamlakat chempioniga aylandi. Ushbu jamoa avval Bundesligada 5 marta mavsum yakunida ikkinchi o‘rinni egallagan. Aniqrog‘i, 1997, 1999, 2000, 2002 va 2011-yillarda bunga erishgan.

Xabi Alonso

Shuningdek, “Bayer” liga tarixida 29 turda mag‘lub bo‘lmagan birinchi jamoa bo‘ldi. Bunga qadar 2013/14 yilgi mavsumda “Bavariya” chempionat boshidan buyon 28 o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkaza olgan edi. Barcha turnirlar hisobga olinsa, Xabi Alonso shogirdlarining joriy mavsumdagi mag‘lubiyatsiz seriyasi jami 43 taga yetdi.

Xabi Alonso uchun bu natija murabbiylik faoliyatidagi ilk sovrin bo‘ladi. Murabbiy futbolchilik faoliyatida “Real Sosedad”, “Eybar”, “Liverpul”, “Real Madrid” va “Bavariya”da o‘ynagan. Klublar miqyosida u 15 ta sovrin, shu jumladan ikkita Chempionlar ligasini qo‘lga kiritgan. Terma jamoa safida esa 2003-yildan 2014-yilgacha o‘ynagan va uchta sovringa ega chiqqan. Ya’ni, «Yevro-2008», «JCH-2010» va «Yevro-2012»da g‘olib bo‘lgan.

Ispaniyalik mutaxassis Xabi Alonso «Bayer»ni chempion qilish uchun 557 kun sarfladi. U jamoani 2022-yil 5-oktyabrida qabul qilib olgan. O‘shanda «Bayer» turnir jadvalida 17-o‘rinda borayotgan edi. O‘zgacha o‘yin uslubiga ega bo‘lgan Xabi jamoani 2022/23 yilgi mavsumda 6-o‘ringa olib chiqdi. Alonso bu yil chempionat yakuniga besh tur qolganda jamoani chempionga aylantirdi.

Darvoqe, «Bayer» 2013-yildan beri Germaniya chempioni bo‘lib kelayotgan «Bavariya»ni taxtdan tushirdi. Shuningdek, Florian Virs jamoasiga chempionlik keltirgan o‘yinda xet-trik qayd etgan ilk futbolchi bo‘ldi. Umuman olganda, Virs joriy mavsumda 29 o‘yinda 11 gol urdi va 10 golga assistentlik qildi.

*** 

Italiya chempionatining 32-turidan o‘rin olgan «Inter» — «Kalyari» uchrashuvi 2:2 hisobida yakunlandi. Unda terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Shu tariqa, Eldor Italiya «A» seriyasidagi gollarini 3 taga yetkazib oldi. Uning hisobida 3 ta golli uzatma ham mavjud.

*** 

O‘zbekiston kubogining 1-turida «Bunyodkor» o‘z maydonida «Sho‘rtan» jamoasi bilan 0:0 hisobida durang qayd etdi. «Nasaf» esa o‘z maydonida «Navbahor»ga 0:1 hisobida yengildi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA