Singapur Bosh vaziri Li Syan Lun o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida 15may kuni lavozimini tark etishini e’lon qildi. U Singapur Bosh vaziri o‘rinbosari va moliya vaziri Lourens Vongni o‘z lavozimiga tavsiya qilgan.

“Men 2024-yil 15-mayda Bosh vazir lavozimini tark etaman va Lorens Vong o‘sha kuniyoq keyingi Bosh vazir sifatida qasamyod qiladi. Men barcha singapurliklardan Lorens va uning jamoasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashlarini hamda ular bilan hamkorlikda ish olib borishlarini so‘rayman. Bu Singapurning porloq kelajagi uchun muhim”, deb yozgan Li Syan Lun.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, 71 yoshli Li Syan Lun 1980-yillardan beri siyosat bilan shug‘ullanadi. Mamlakatdagi turli vazirlik lavozimlarida ishlagan, jumladan, Singapur mudofaa vaziri, savdo va sanoat vaziri, Bosh vazir o‘rinbosari va moliya vaziri bo‘lgan.

Li Syan Lun 2004-yil avgust oyida Singapur Bosh vaziri lavozimini egalladi va keyinchalik bu lavozimga qayta saylandi.

G. Sattorova, O‘zA