“All Clear Travel Insurance” sayohat sug‘urtasi bo‘yicha ekspertlar ma’lumotlariga ko‘ra, Dubay xalqaro aeroporti dunyodagi 1800 dan ortiq aeroportlar orasida “Eng hashamatli aeroport” deb topildi. Undan keyin Londonning “Heathrow” aeroporti, kuchli uchlikni Qatardagi “Hamad” xalqaro aeroporti yakunlaydi.

Xorij ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, reytingni tuzish uchun dunyoning 1800 dan ortiq aeroportlari tahlil qilindi. Natijada Dubay xalqaro aeroporti o‘zining yashillikka burkangan bog‘lari, mehmonxonalari, basseyni, kinoteatri va restoranlari bilan faxrli birinchi o‘rinni egalladi.

Har bir aeroport dizaynerlik do‘konlari sonidan tortib, yaqin atrofda joylashgan to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar sonigacha bo‘lgan bir qancha omillar bo‘yicha saralangan. Bundan tashqari, aeroportlar yo‘lovchilar uchun mavjud bo‘lgan kutish zallari soni, yuqori sifatli ichimliklari va maqtovga arzigulik restoranlari bo‘yicha ham baholangan.

Ma’lumot o‘rnida, Dubay xalqaro aeroporti yiliga 90 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, mazkur aeroport dunyodagi eng tez rivojlanayotgan aviatsiya markazidir. Hatto aeroportning o‘z hududida besh yulduzli mehmonxonasi bor.

O‘zA