FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanidagi “Good Salt Production” mas’uliyati cheklangan jamiyati osh tuzi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
25 nafar kishining ish bilan bandligi ta’minlangan korxonada yiliga 10 ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi. Tuzni maydalash, saralash va qadoqlash ishlari korxonaning o‘zida zamonaviy avtomatik uskunalar yordamida amalga oshiriladi. Asosiysi, zarur xomashyo tuman hududidagi tuz konlaridan keltirilmoqda.
Tayyor mahsulot asosan ichki bozorda sotilmoqda. Shuningdek, eksport ko‘lamini kengaytirish ishlari ham amalga oshirilayotir. 2022-yilning iyul oyida Germaniyaning “Monolith Mitte GmbH” kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan bo‘lib, bugungi kungacha hamkorlarga 131 ming AQSH dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Kelgusida korxonaning ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirish maqsadida 16,5 milliard so‘mlik imtiyozli kredit hisobidan zamonaviy asbob-uskunalar olib kelish, eksportni ko‘paytirish va qo‘shimcha 10 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA