Yurtimizning bir guruh travmatolog-ortopedlari Belarus Respublikasida bo‘lib, Minsk shahridagi Respublika travmatologiya va ortopediya milliy markazi faoliyati bilan tanishdi.

Ushbu markaz 300 o‘ringa ega bo‘lib, ham shoshilinch, ham rejali tibbiy yordamni amalga oshiradi. Markaz nafaqat Belarus, balki MDH davlatlari ichida yetakchi hisoblanadi. Markazda 8 ta bo‘limning har biri o‘z operatsiya xonasiga ega. Markazda yiliga ikki mingga yaqin birlamchi endoprotezlash, 300 ta reendoprotezlash, 500 dan ortiq suyak sinishlarida turli xildagi osteosintezlar va tos jarrohligi amaliyotlari bajariladi.

Ushbu markaz hamda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda birgalikda “COVID-19” kasalligining asorati bo‘lgan suyaklarning aseptik nekrozini davolashdagi yechimiga doir izlanishlar olib borishga kelishildi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari «Antimikrob terapiya hamma uchun» xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida ishtirok etdi.

Unda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi olimlarining ham ma’ruzalari tinglandi. Xususan, Markaz direktori, professor, tibbiyot fanlari doktori Murodjon Irismetovning «COVID-19″ asoratida yuzaga kelgan son suyagi boshchasining aseptik nekrozining diagnostikasi va uni davolash», mavzuidagi ma’ruzasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

M.Qosimova, O‘zA