Qatar poytaxti Doha shahrida futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalar o‘rtasida Osiyo kubogi boshlandi. Mazkur kubok terma jamoalar uchun «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlariga saralash vazifasini o‘tashi bilan muhim ahamiyatga ega. Musobaqada qit’amizning 16 mamlakat terma jamoalari 4 guruhga bo‘lingan holda o‘zaro raqobatlashadi.

Joriy yilning 3-may kuniga qadar davom etadigan U23 Osiyo kubogining «A» guruhida Qatar, Avstraliya, Iordaniya, Indoneziya, «B» guruhida Yaponiya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, «S» guruhida Saudiya Arabistoni, Iroq, Tailand va Tojikiston, «D» guruhida O‘zbekiston, Vetnam, Quvayt va Malayziya kabi terma jamoalar o‘rtasida o‘yinlar o‘tkaziladi. Mazkur bahslar «Jassim bin Hamad Stadium», «Khalifa International Stadium», «Abdullah bin Khalifa Stadium» hamda «Al Janoub Stadium» kabi stadionlarda tashkil etiladi.

Bugun, 15-aprel kuni Osiyo kubogida Qatar va Indoneziya, Avstraliya hamda Iordaniya olimpiya terma jamoalari maydonga tushadi.

Mazkur musobaqada biz uchun ahamiyatlisi shuki, Temur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining ilk o‘yini 17-aprel kuni Malayziya terma jamoasiga qarshi o‘tadi. Osiyo kubogidagi futbolchilarimizning ikkinchi o‘yini 20-aprel kuni Quvayt terma jamoasi bilan tashkil etilsa, O‘zbekiston U23 terma jamoasi guruh bosqichidagi Vetnamga qarshi o‘tadigan so‘nggi o‘yini 23-aprel kuniga belgilangan va bu o‘yin kubokning guruh bosqichini yakunlaydi. Osiyo kubogining 1/4 final o‘yinlari 25-26-aprel, yarim final bahslari 29-aprel, 3-o‘rin uchun bahs 2-mayda hamda so‘nggi hal qiluvchi final bellashuvi 3-may kuni uyushtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo qit’asidan Olimpiya o‘yinlarining futbol musobaqalari uchun to‘rtta o‘rin ajratilgan. Aniqrog‘i, Osiyo kubogida kuchli uchlikka kirgan terma jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etsa, 4-o‘rindan joy olgan terma jamoa Afrika kubogida 4-o‘rinni egallagan Gvineya termasi bilan 9-may kuni Parij shahrida Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun qit’alararo pley-offda raqobatlashadi. Mazkur bahs yagona o‘yindan iborat bo‘lib o‘tadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA