AQSH, Filippin va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvi Janubiy Xitoy dengizi va mintaqadagi dinamikani o‘zgartiradi, demoqda Filippin Prezidenti Ferdinand Markos.
– Menimcha, uch tomonlama kelishuv juda muhim, -dedi Markos Vashingtonda AQSH Prezidenti Jo Bayden va Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida bilan o‘tkazilgan sammit yakunidan bir kun o‘tib matbuot anjumanida. – Bu harakat Janubiy Xitoy dengizi atrofidagi dinamikani o‘zgartira oladi.
Sammit davomida uch davlat liderlari Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi “xavfli va tajovuzkor xatti-harakati” haqida “jiddiy xavotir” bildirgan.
Markosning aytishicha, sammit “hech bir davlatga qarshi emas”, balki Manila, Vashington va Tokio o‘rtasidagi iqtisodiy va xavfsizlik munosabatlarini chuqurlashtirishga qaratilgan.
Xalqaro arbitraj sudining 2016-yil Pekinning keng qamrovli da’volari qonuniy asosga ega emas, deb chiqargan qaroriga qaramay, Xitoy deyarli butun Janubiy Xitoy dengiziga da’vo qilmoqda.
Xitoy-Filippin o‘rtasidagi ziddiyatning chuqurlashishi Markos davrida Qo‘shma Shtatlar bilan xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikning kuchayishi, jumladan, AQSHning Filippin bazalariga kirishini kengaytirishi va Manila bilan o‘zaro qo‘shinlar shartnomasini imzolashi kutilayotgan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.
Bayden Kongressdan Filippin bazalaridagi infratuzilma loyihalari uchun qo‘shimcha 128 million dollar so‘radi.
Filippin Prezidenti sammitdan keyingi 5-10-yil ichida 100 milliard dollarga yaqin investitsiya kelishuvlari amalga oshishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, u Vashingtonda AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan ham uchrashdi.
– Bu hamkorlik bizning jamoaviy xavfsizligimiz va mintaqa bo‘ylab davom etayotgan farovonligimiz uchun juda muhim, -dedi Ostin Baydenning mudofaa sohasidagi islohotlariga urg‘u berib.
O‘.Alimov, O‘zA