Dorixonalarda retseptsiz dori sotish amaliyotiga chek qo‘yiladimi? (+video)

440

Dorixonalar ko‘pligi masalasi hech kimga yangilik emas. Lekin ularda retseptsiz dori sotish amaliyoti avjiga chiqqani achinarli.

Ya’ni, odamlarimiz shifokor ko‘rigidan o‘tmay turib, dardini dori sotadigan oddiy farmatsevtlarga aytayotganiga istalgan dorixonada duch kelish mumkin.

Oqibatda doridan zaharlanish holatlari uchrayotgani afsuslanarli. “Dok-1 maks” bilan bog‘liq jinoyat jabrlanuvchilarning ko‘pchiligi ushbu siropni aptekadan shifokor tavsiyasisiz, o‘z ixtiyori bilan sotib olganini aytgan edi.

To‘g‘ri, retseptsiz sotiladigan dorilar ham bor. Lekin, bu ularni aptekachi tavsiyasiga tayanib ichish mumkinligini anglatmaydi.

Senatning yaqinda bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida aynan  shu masalaga e’tibor qaratildi. Senatorlar dori vositalarining retseptsiz sotilishi, dorilar bilan bog‘liq bolalar o‘limi yuz bergani, bunday noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani bilan bog‘liq savollarni o‘rtaga tashladi.

Bunga javoban mas’ullar retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati Sog‘liq saqlash vazirligi rasmiy saytida e’lon qilib borilishi, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligiga e’tibor kuchaytirilganini qayd etdi.

2025-yildan boshlab farmatsevtika sohasida xalqaro GMP standarti joriy etilishi  qayd etildi. Mazkur standart dori vositalarining xavfsizligini tasdiqlaydi. GMP standarti dori ishlab chiqarishdan boshlab uni sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonga tatbiq etiladi.

Mas’ullar, shuningdek, elektron retsept berish, dorilarni sotishni raqamlashtirish ustida ish olib borilayotgani aytib o‘tdi.

Senatorlar ma’qullagan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun esa yuqoridagi kabi muammolarga barham berishga qaratilgan.

Mazkur qonunning ahamiyati haqida senator Manzura Salimova quyidagilarni so‘zlab berdi: 

– Mamlakatimizda farmatsevtika va kimyo sanoatini xalqaro standartlarni inobatga olgan holda rivojlantirish hamda unga ilg‘or ilmiy-texnika yutuqlarini va innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qonun bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga dori moddalarini (substansiyalarni) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibining bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Shu bilan birga, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibini tasdiqlash vakolati Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklanishi haqidagi qo‘shimcha kiritildi.

Shuningdek, retseptsiz yoki shifokor retsepti bo‘yicha beriladigan dori vositalari to‘g‘risidagi axborotni ularning tibbiyotda qo‘llanilishiga doir yo‘riqnomalarda hamda Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reestrida ko‘rsatish talabini joriy etuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, import o‘rnini bosuvchi kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish, kimyo-texnologik klasterlarni xususiy investitsiyalar hisobidan jadal rivojlantirish orqali turdosh tarmoqlarning kimyoviy reagentlarga va prekursorlarga talabini to‘liq qondirish maqsadida “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish kiritilmoqda.

Bugungi kunda respublikada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli investitsiya siyosati natijasida kimyo, tog‘-kon, metallurgiya, to‘qimachilik sanoati va boshqa yirik sanoat tarmoqlarida davlat korxonalari va muassasalari o‘rnini xususiy investorlar egallayotganligi hamda ularda prekursorlar bilan muomalaning tobora kengayib borayotgani kuzatilmoqda.

Shunga ko‘ra, xomashyoni chuqur qayta ishlash va mahalliy sanoatni rivojlantirish maqsadida xususiy korxonalarga muomalada bo‘lishi cheklangan prekursorlarni ishlab chiqarish va tayyorlash faoliyatini litsenziya asosida amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda.

Ushbu qonun aholining va tadbirkorlik subyektlarining tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari to‘g‘risidagi axborotdan xabardorlik darajasini oshirishga, shuningdek, investorlarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratishga hamda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun Prezidentimiz tomonidan imzolanib, rasmiy e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.

Norgul Abduraimova, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA muxbirlari