Keyingi yillarda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga asoslangan muhim qadamlar tashlandi. Birgina tarixiy fakt: 2023-yil Toshkent va Dohada elchixonalar ochilishi ko‘plab sohalarda hamkorlikni rivojlantirish sur’atiga yangicha ruh bag‘ishladi, desak yanglishmaymiz.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 1-2-oktyabr kunlari Qatarga davlat tashrifi chog‘ida madaniyat, turizm, san’at va hunarmandchilik sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olingan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qatar Davlati Hukumati o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlik memorandumi imzolangan.

Mazkur hujjat doirasida Qatar Madaniyat vazirligi delegatsiyasi mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Tarixiy-madaniy meros obektlariga tashrifi rejalashtirilgan mehmonlar O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tomonidan tantanali kutib olindi.

Delegatsiya a’zolari madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan uchrashadi, shuningdek, Toshkent shahrining Hazrati Imom majmuasi, Baroqxon madrasasi, Xo‘ja Ahror valiy masjidi, Ko‘kaldosh madrasasini ziyorat qiladi. Chorsu bozori, “Temuriylar tarixi” davlat muzeyi, O‘zbekiston amaliy san’at muzeyi manzillariga ham boradi.

15-aprel kuni qatarlik mehmonlar Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari, xususan, Ulug‘bek rasadxonasi, Afrosiyob muzeyi, Bibixonim madrasasi, Registon majmuasini ziyorat qilishi rejalashtirilgan.

Dasturga muvofiq, 16-aprel kuni delegatsiya a’zolari Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasi, Toshkent teleminorasi, Toshkent hayvonot bog‘i, “Tashkent city mall” savdo markazi, “Magic city” ko‘ngilochar markazi, “Milliy bog‘” bog‘da bo‘ladi.

Madaniyat sohasi vakillari bugungi kunda ekoturizm zonasi hisoblangan Bo‘stonliq tumanining ko‘ngilochar obyektlari, dor yo‘llariga safar qilishi ham ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbarining Qatarga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar madaniy-ma’rifiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga ham yo‘naltirilgan. Xususan, 2024-yil Dohada O‘zbekiston madaniyati va turizmi haftaligini o‘tkazish qayd etilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil fevralda Doha shahrida O‘zbekiston madaniyati, hunarmandligi va turizmi kunlari o‘tkazilgan edi.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA