Gonkongda O‘zbekistonning turizm va sarmoyaviy salohiyati namoyish etildi

309

Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Gonkongning “Bauhinia” nashrida O‘zbekiston investitsiya, savdo va turizm forumi bo‘lib o‘tgani yoritildi.

Maqolada O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi tomonidan XXRning yirik moliya markazi – Gonkongda tashkil etilgan mamlakatimizning sarmoyaviy, eksport va sayyohlik imkoniyatlari taqdimotida Gonkong ma’muriyati va Savdoni rivojlantirish kengashi, mintaqadagi 200 ga yaqin kompaniya, savdo-iqtisodiy, turizm assotsiatsiyalari va banklari vakillari ishtirok etgani bayon etilgan.

Yurtimizning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyev O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida turli sohalarda aloqalar borligi, ikki mintaqa hamkorligi doirasida Gonkong korxonalari bilan iqtisodiy va savdo aloqalalari yanada mustahkamlanishiga umid qilishi ta’kidlangan.

Forumda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar taqdim etilib, turizm salohiyati va bu boradagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Gonkonglik ishbilarmonlar O‘zbekistonga tashrif buyurishga, xususan, joriy yil 2-3-may kunlari bo‘lib o‘tadigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga katta qiziqish bildirdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan xitoylik biznes vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati va izchil islohotlarni yuqori baholadilar. Ularning fikricha, bu o‘zgarishlar natijasida mamlakatimizning jadal rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: Gonkong 7,5 million aholiga ega Xitoyning eng yirik moliyaviy markazlaridan biridir. 2023-yilda YAIM 383 milliard dollarni tashkil etdi. Gonkong to‘qimachilik, kiyim-kechak, elektron qurilmalar, butlovchi qismlar, soatlar, o‘yinchoqlar va boshqa tovarlarni eksport qilish bo‘yicha dunyodagi yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda xizmatlar sohasi Gonkong yalpi ichki mahsulotining 90 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA