Dushanbe shahrida joriy yilning 12-aprel kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi hamkorligida “O‘zbekiston va Tojikiston: strategik sheriklik va ittifoqchilikning yangi istiqbollari» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari jadal rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalar kengaymoqda.

2017-yildan buyon o‘zaro savdo miqdori 3 baravardan ziyodga oshdi, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Bunda albatta, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch munosabatlari muhim o‘rin tutadi.

Bo‘lajak konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirishning istiqbolini muhokama qilish, shuningdek, savdo-sanoat, transport, ekologiya va suvdan foydalanish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Tadbirda  ikki mamlakatning yetakchi tahliliy markazlari va ilmiy-tadiqot institutlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etadi. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining Dushanbega tashrifi doirasida Tashqi ishlar vazirligi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasining Osiyo va Yevropa mamlakatlari muammolarini o‘rganish instituti (NANT)ning Iqtisodiyot va demografiya institutida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Anjumandan oldin bo‘lajak tadbirning tashkiliy masalalarini muhokama qilish maqsadida Markaziy Osiyo xalqaro institutida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari bilan sayyor uchrashuv ham tashkil etildi.

B.XUDOYBERDIEV, O‘zA