Nukus shahrida qoraqalpoq klassik adabiyotining yirik namoyondasi, ulug‘ shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi vakillari, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li qoraqalpoq xalqi ma’naviy dunyosining boyishiga katta hissa qo‘shgan buyuk shaxsdir. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan shoir tavalludining 200-yilligi YUNESKO doirasida xalqaro miqyosda nishonlanadigan yubileylar ro‘yxatiga kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpoq adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200-yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli idora va tashkilotlar tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yozuvchi va shoirlar, olimlar yoshlarga Ajiniyoz shoirning hayot yo‘li, ijodi, ijod namunalarining faqat qoraqalpoq adabiyoti emas, shuning bilan birga, sharq xalqlari adabiyotida tutgan o‘rni, ijodining o‘ziga xos o‘zgachaliklari va uning o‘rganilishi haqida ma’lumot berdi.

Orolbo‘yida shoirning 200-yilligi munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.