Xitoyda yana bir yirik anjuman boshlandi

202

XXR Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanida Buyuk Ipak yo‘li iqtisodiy makonida joylashgan davlatlar ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi seminar o‘z ishini boshladi.

Dunyoning turli mintaqalaridagi yetakchi media tashkilotlari singari O‘zbekiston Milliy axborot agentligi vakili ham ishtirok etayotgan anjumanda jami 40 nafarga yaqin saralangan hamkasbimiz to‘plangan.

Tadbirning ochilish marosimi Shinjon-Uyg‘ur muzofotining markaziy shahri – Urumchidagi “Kunlun Hotel” mehmonxonasi konferensiyalar zalida tashkil etildi. Hudud mamuriyati masul xodimi Chen Shi xonim Shinjon-Uyg‘ur tumani qadimiy Ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishida joylashgan eng muhim nuqtalardan biri ekanini takidladi.

Jurnalistlar etiborini, ayniqsa, so‘nggi yillarda har tomonlama keskin rivojlanish yaqqol ko‘zga tashlanganiga qaratdi.

Xususan, oxirgi 2-3-yilda YAIM 6.8 foiz o‘sgan, yirik sanoat korxonalari 6.4 foiz ko‘paygan, hudud sof daromadi 15 foiz oshgan. Jami 124 investitsiya loyihasi amalga oshirilishi natijasida eksport-import miqdori 48.9 foiz ortgan. Aholining o‘rtacha daromadi 5.6-8.4 foiz ko‘tarilgan.

Ushbu natijalar tufayli Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani Xitoy provinsiyalari orasida eng yuqori o‘sish darajasini qayd etdi.

Tarixiy malumotlarga ko‘ra, Shinjon-Uyg‘ur o‘lkasida muqim hayot tarzi shakllana boshlashi eramizdan oldingi 60-yillarga to‘g‘ri kelarkan.

Takidlanishicha, shunday qadim diyorning imkoniyati, salohiyati juda yuqori. Shu bois seminar tashkilotchilari dunyo xalqlari, rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar bir-biridan o‘rganishi, bir-birini yanada chuqurroq bilishida eng muhim vosita hisoblangan OAV yordamida o‘z hududi targ‘ibotini kuchaytirish niyatini yashirmadilar.

Anjuman kun tartibi juda boy. O‘zA mazkur tadbirlar haqida muntazam axborot berib boradi.

 

G‘ayrat Xonnazarov,

O‘zA

Urumchi shahri, XXR