Nukusda “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi ijrosini ta’minlash doirasida ish boshlagan Kichik biznesga ko‘maklashish markazining yangi binosi ochildi.

Tadbirda “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik tijorat banki, Kichik biznesni rivojlantirish jamgʻarmasi rahbariyati, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov soʻzga chiqib, barchani markaz binosining foydalanishga topshirilishi bilan qutladi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaroriga asosan kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “uzluksiz xizmatlar zanjiri”ni yaratishni koʻzda tutadi.

“Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik tijorat banki dasturni amalga oshirish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish boʻyicha asosiy tayanch bank sifatida belgilangan. Mazkur bank tomonidan dastur ishtirokchilari uchun elektron platforma – “Biznes portal” tashkil etildi. Fuqarolar va tadbirkorlar portalda onlayn ariza berish orqali dasturda ishtirok etishlari mumkin.

Dastur doirasida bank taʼsischiligida kichik biznesni rivojlantirish jamgʻarmasi va uning tarkibida hududlarda 14 ta Kichik biznesga koʻmaklashish hududiy markazlari tashkil etildi.

Nukusda ish boshlagan “Kichik biznesga koʻmaklashish markazi”da kichik biznes loyihalarini tanlash, tashabbuskorlarni oʻqitish, moliyalashtirish, axborot bilan taʼminlash, biznes-rejalar va texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish, bozor topish bilan bogʻliq kompleks xizmatlarni koʻrsatish kabi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

“Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturiga muvofiq tashabbuskorlar Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari tomonidan tanlab olinadi va ular biznes koʻnikmalarini shakllantirish yoʻnalishida qisqa va oʻrta muddatli amaliy oʻquv kurslarida oʻqitiladi. “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan dastur ishtirokchilarini moliyaviy va konsultativ qoʻllab-quvvatlash maqsadida 9 turdagi bank xizmati joriy etildi.

–Tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish yoki kengaytirish uchun 2-yilgacha imtiyozli davr bilan 7-yilgacha muddatga hamda aylanma mablagʻlar uchun revolver tarzda 3-yilgacha muddatga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 1,5 milliard soʻmgacha kredit yoki asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing beriladi, – deydi markaz direktori Furqat Asemov. – Bunda 100 million soʻmgacha kreditlarni garovsiz, 150 million soʻmgacha kreditlarni garov talabi 50 foizgacha pasaytirilgan holda ajratish imkoniyati nazarda tutilgan. Markazda, shuningdek, tadbirkorlarga litsenziya, ruxsatnoma va sertifikatlar olish masalalari, bojxona, soliq maʼmuriyatchiligi, eksport, import operatsiyalari, shartnomalarni rasmiylashtirish, davlat xaridlarida ishtirok etish, shuningdek, yer uchastkalari va bino-inshootlarni sotib olish yoki ijaraga olish va loyihalashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaldagi imtiyoz va preferensiyalar, mavjud boshqa yengilliklar va imkoniyatlar boʻyicha maʼlumot hamda maslahatlar beriladi.

–Soʻnggi yillari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolboʻyi tadbirkorlariga keng imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda, – deydi Taxiatosh tumanidan hunarmand Yersulton Otarov. – Markazda tashkil etilgan oʻquvda ishtirok etib, 100 million imtiyozli kredit olishga muvaffaq boʻldim. Kelajakda faoliyatimni yanada kengaytirib, yangi ish oʻrinlarini ochmoqchiman.

Tadbir ishtirokchilari loyihalarni tanlab olish va ishtirokchilarni oʻqitish tartibi, markazda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.