Ichimlik suvi ta’minoti: 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan 30 ta loyiha mablag‘ ajratilsada, yakunlanmagan

290

Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash eng muhim masalalardan biridir. Bu borada «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida joriy yil yakuniga qadar aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 81 foizga yetkazish, 1,3 million nafar aholini ichimlik suv bilan ta’minlash, 3 million fuqaroning ichimlik suv ta’minotini yaxshilash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan «Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida»gi qonunning ijrosi hamda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida olib borilayotgan ishlar holati o‘rganilganda, amaliy ishlar bilan birga, o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalar ham mavjudligi aniqlandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasidagi ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini rivojlantirishning bosh sxemasi bugungi kungacha ishlab chiqilmagan. Shuningdek, standart talablarga ko‘ra, ichimlik suvining sifati 47 turdagi ko‘rsatkichlar bilan aniqlanishi nazarda tutilgan bo‘lsada, aksariyat ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlari laboratoriyalarga ega emas.

Shu bilan birga, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi loyihalarni ishlab chiqishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, ichimlik suvi manbalariga yetarlicha e’tibor qaratilmagani natijasida 2017-2022-yillarda 119 mlrd. so‘m mablag‘ hisobiga amalga oshirilgan 67 ta obyekt bugungi kunda ham ishlamasdan kelmoqda.

2021-2022-yillarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan 30 ta ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish loyihasi bo‘yicha qurilish ishlari tegishli mablag‘lar ajratilgan bo‘lishiga qaramay, 2023-yilning oxiriga qadar yakunlanmagan.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B.Zakirovga «Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida» Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA