Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Janubiy Koreyadagi umumiy saylovlarni kuzatishda ishtirok etmoqda

242

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxojayev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan, mamlakat Xalq assambleyasi (parlamenti)ning 22-tarkibini belgilaydigan umumiy saylovlarni kuzatish bo‘yicha xalqaro dasturda ishtirok etmoqda.

Joriy yilning 5-aprel kuni Xalqaro kuzatuv dasturining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Unda ishtirokchilar Janubiy Koreyaning amaldagi saylov tizimi, uning shakllanish va rivojlanish bosqichlari bilan yaqindan tanishishdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Koreyadagi parlament saylovlarini kuzatishda 27 ta davlatdan 58 nafar saylov organlari, shuningdek, saylov masalalari bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi Seul shahridagi saylov uchastkalarida bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarini kuzatishdi.

Koreya MSKning ma’lumotlariga ko‘ra, juma va shanba kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida saylov huquqiga ega bo‘lgan 44,2 million saylovchining 31,2 foizi yoki 13,8 million nafari ovoz berishgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Janubiy Koreyada ilgari hech qanday muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etish ko‘rsatkichlari o‘ttiz foiz chegarasiga yetmagan.

8-aprel kuni O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari 2024 yilgi saylovlar bo‘yicha Seul xalqaro forumida ishtirok etdi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotida. Koreya Milliy saylov komissiyasi har yili bahorda mazkur xalqaro forumga mezbonlik qilib keladi.

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi va Koreya Milliy saylov komissiyasi raisi o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda 2016-yil 6-fevralda imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum doirasida saylov kampaniyalarni tashkil etish va o‘tkazish tajribasini o‘rganish bo‘yicha ikki mamlakat markaziy saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Koreya Milliy saylov komissiyasi rahbari Te-ak Ro O‘zbekiston delegatsiyasiga parlament saylovini xalqaro kuzatuv dasturida bevosita ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi bilan alohida hamkorlik aloqalar mavjudligidan mamnunligini ta’kidladi, deyiladi ma’lumotda.

Xalqaro kuzatuv dasturi doirasidagi tadbirlar 12-aprelga qadar davom etadi.

A.RUSTAMOV, O‘zA