Buyuk Sohibqiron bobokalonimiz Amir Temur tavalludiga 688-yil to‘ldi. Oradan necha asrlar o‘tsa hamki, jahongir bobomiz donishmandlik, ulkan va markazlashgan saltanat, yuksak harbiy salohiyat, farovon jamiyat, ijtimoiy tenglik va adolat timsoli bo‘lib qolmoqda.

Poytaxtimizda Amir Temur tavalludining 688-yilligiga bag‘ishlangan «Buyuk Sohibqironga ehtirom» nomli tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda olimlar, adabiyot va san’at namoyandalari, harbiylar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tantana ishtirokchilari dastlab Amir Temur xiyobonidagi jahongir bobomiz haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Temuriylar tarixi davlat muzeyida Sohibqiron tavalludi sanasiga bag‘ishlangan tantanali anjuman tashkil etildi.

Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali Sohibqiron hayoti, uning ibratli faoliyati, jamiyatda totuvlik, hamjihatlik, barqarorlikni ta’minlash, ilm, san’at va madaniyat, ma’rifat ahlini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ulkan ishlari xususida batafsil so‘z yuritdi.

Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni, polkovnik Farrux Ziyaboyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan «Amir Temur jangovar bayrog‘i» mukofoti ta’sis etilishi xususida so‘zladi. Ushbu mukofot Vatan himoyachilarining harbiy jangovar tayyorgarligi va yuksak ma’naviy salohiyatini oshirishda o‘ziga xos ahamiyat kasb etishini alohida e’tirof etdi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda shiddat bilan kechayotgan yangilanish jarayonlarida inson manfaatlariga e’tibor qaratish, uning sha’ni va qadr-qimmatini ustuvor bilishdek ezgu maqsadlar mujassam. Milliy armiyamizning shakllanishida, hayotimizning tinch va osudaligida umrini Vatan himoyasiga bag‘ishlagan harbiylarimizning, yurt posbonlarining xizmatlari beqiyosdir. Ayni jihatlar Temur bobomizning hayot shioriga aylanganini ham tarixchilar alohida qayd etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Amir Temur bobomiz bironta jangda yengilmagan, Sohibqironning bayrog‘i hamisha baland hilpirab turgan. U bugungi avlodlar uchun qat’iyat, harbiy mahorat, g‘urur va iftixor timsolidir. 2023-yili Vatan himoyachilari kuni arafasida Prezidentimiz tashabbusi bilan armiya tizimida ta’sis etilgan «Amir Temur jangovar bayrog‘i» mukofoti uchun o‘tkazilgan tanlovda Markaziy harbiy okrug g‘olib bo‘lgan edi. Ushbu mukofot harbiylarimiz uchun Vatan himoyasi yo‘lida o‘ziga xos rag‘bat, ibrat, qat’iy azm-u shijoat ramzi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tantanali tadbirda Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, super o‘rta vazn toifasi WBA yo‘nalishida jahon chempioni Isroil Madrimov Amir Temurning jahon diplomatiyasi, davlatchilik asoslarini shakllantirish, ilm-fan, madaniyat rivoji yo‘lidagi ulkan xizmatlari xususida gapirdi.

O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev Milliy teatrda sahnalashtirilgan «Adolat fasli» spektaklidan Amir Temur monologini ifodali o‘qidi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majid hamda Temurbeklar maktabi o‘quvchilari «Sohibqiron avlodimiz» she’rini birgalikda o‘qib berdi.

Anjumanda Sohibqiron bobokalonimiz Amir Temurning jahon tamadduni rivojidagi o‘rni, hayoti, ibratli faoliyati xususida batafsil so‘z yuritildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688-yilligiga bag‘ishlangan anjumanlar, davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida, o‘quv dargohlari, harbiy qismlar, muzeylar, ijodiy tashkilotlarda, kutubxonalarda bo‘lib o‘tmoqda.

Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (suratlar), O‘zA