Hududlarning bosh rejalarini ishlab chiqishga oid vakolatlar belgilanmoqda
Parlament quyi palatasining majlisida shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
– Qonun loyihasi bilan Shaharsozlik kodeksiga O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari kabi shaharsozlik hujjatlarining yangi turlari kiritilmoqda, – dedi deputat Dilshod Hamzayev. – Shu bilan birga, bosh tarhni va hududiy tarhlarni tasdiqlash hamda muntazam ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar, O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhida aholini va ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish tizimini davlat tomonidan tartibga solish asoslari belgilanmoqda.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarini tasdiqlash hamda muntazam ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan ko‘rinishda ishlab chiqishda loyihalashtirish topshirig‘ini berish kabi vakolatlar berilmoqda.
Shuningdek, deputat qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan berilgan barcha takliflar Ishchi guruh yig‘ilishlarida chuqur tahlil etilib, ularning aksariyat qismi loyiha matnida o‘z ifodasini topganini alohida qayd etdi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA