Bank-moliya sohasida kiberxavfsizlik ta’minlanadi

236

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Markaziy bank to‘g‘risidagi, Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi bir qator qonunlarga bank-moliya sohasidagi kiberjinoyatlarning oldini olish, kiberxavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilgan bu boradagi qonun loyihasi ko‘payib borayotgan kiberjinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, kredit, moliyaviy va bank sektorlarida potensial xavflar va zaifliklar kuchayib borayotgani amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.

– Mazkur qonun loyihasi bilan «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi qonuni kredit tashkilotlarining, to‘lov tashkilotlarining, to‘lov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining va kredit byurolarining faoliyatida kiberxavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq normalar bilan to‘ldirilmoqda, – dedi deputat D.G‘aniyev ma’ruzasida. – Shuningdek, endi «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 54-moddasiga muvofiq, bank axborot tizimlarida axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qonunchilik talablarining buzilganligi qo‘pol qoidabuzarliklar qatoriga kiritilmoqda.

Muhokamalarda qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, bank va elektron hukumat tizimida kiberxavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar ishonchini mustahkamlash, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

M.Komilova, O‘zA