Toshkent viloyatidagi “Yangiobod” o‘quv-mashg‘ulot sport bazasida boks bo‘yicha barcha yosh toifasidagi murabbiylar shtabi va O‘zbekiston boks federatsiyasi rasmiylari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda kubalik Xulio Li Echavarria mamlakat o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi.
O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ishlab chiqilgan “Yosh bokschilarni tayyorlash milliy standarti” loyihasi bo‘yicha barcha yosh toifasidagi terma jamoalar tarkibiga iqtidorli bokschilarni yetkazib berish, jamoalar o‘rtasida o‘zviy bog‘liqlikni kuchytirish maqsadida, o‘smirlar bo‘yicha milliy terma jamoa bosh murabbiyi vazifasiga kubalik Xulio Li Echavarria tayinlandi.
Bu mutaxassis bugunga qadar kattalar terma jamoasida murabbiy bo‘lib ishlab kelayotgandi. Unga faoliyati davomida Sirojiddin Nayimov katta murabbiy sifatida yordam ko‘rsatishi belgilandi.
Aytish lozim, Xulio Li Echavarria o‘z vaqtida Kuba yoshlar va o‘smirlar terma jamoasida bosh murabbiy sifatida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA