Xabaringiz bor, joriy yilning 15-aprel-3-may kunlari Qatarda U23 Osiyo kubogi bahslari bo‘lib o‘tadi. Unda 16 ta terma jamoa 4 ta guruhga bo‘lingan holda Osiyo kubogi va «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
Musobaqada O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi «D» guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, unda Vetnam, Quvayt va Malayziya bilan kuch sinashadi.
Timur Kapadze bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi ayni kunlarda BAAda o‘quv mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Jamoamiz yig‘in doirasida Dubay shahridagi «Jebel Ali» maydonida Xitoy yoshlar terma jamoasi bilan so‘nggi nazorat o‘yinini o‘tkazdi.
Ushbu bahsda Jasur Jaloliddinov va Ibrohim Ibragimov kabi iqtidorli futbolchilarimiz urgan gollar evaziga O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 2:0 hisobida zafar quchdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo kubogidagi ilk uchrashuvini 17-aprel kuni Malayziya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Guruh bosqichidagi ikkinchi o‘yin esa 20-aprel kuni Quvaytga qarshi o‘tadi. So‘ngra, O‘zbekiston U23 terma jamoasi 23-aprel kuni Vetnam jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA