Bugun, 10-aprel kuni Tailandning Pxuket shahrida 110 ta davlatning 466 ta og‘ir atletikachisi ishtirok etayotgan jahon kubogi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Akbar Jo‘rayev, Sharofiddin Amriddinov va Tursunoy Jabborova o‘z ishtirokini boshlaydi.
Aytish lozim, mazkur jahon kubogi bahslari Fransiya poytaxtida o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga reyting ochkolarni taqdim etadi. “Parij-2024” o‘yinlarida og‘ir atletikachilar uchun 120 ta o‘rin ajratilgani bellashuvlar murosasiz o‘tishini, bu har bir vazndagi kurashlar haddan tashqari murosasiz kechayotganini anglatmoqda.
O‘tgan Olimpiya o‘yinlarida ajratilgan kvotalar holatiga e’tibor qaratilsa, Xalqaro olimpiya qo‘mitasining tegishli qarori bilan “Tokio-2020” olimpiadasiga 196 ta, “London-2012” va “Rio-2016” o‘yinlariga og‘ir atletika uchun 260 ta o‘rin ajratilgandi. «Parij-2024» ga kelib, og‘ir atletikachilarning 140 nafarga qisqargani to‘rt yillik o‘yinlarning medallari uchun kurashdan avval, uning ishtirokchisi bo‘lish yo‘lidagi «jang» g‘oyatda keskin o‘tishini ta’minlamoqda.
Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi e’lon qilib borayotgan “Parij-2024” Olimpiya reytingining so‘nggi ko‘rsatkichlariga ko‘ra, qo‘shni Qozog‘iston terma jamoasi tarixda ilk bor og‘ir atletika bo‘yicha yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirokchilar ro‘yxatidan ancha ortda qolayotgani, shuningdek, Osiyo, Yevropa, Amerika qit’asining ko‘plab davlatlari belgilangan 5-6 ta o‘rindan bor-yo‘g‘i 1-2 nafar sportchi bilan qatnashish imkoniyatini saqlab qolayotgani olimpiada oilasida og‘ir atletika osmonida «qora bulutlar» kezib yurganini anglatmoqda.
Bevosita Tailandda kechayotgan bahslarga to‘xtaladigan bo‘lsak, kecha O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar a’zosi jahon kubogi supachasida o‘z omadini sinab ko‘rdi.
-87 kilogramm og‘irlikda medallar uchun kurash olib borgan Nigora Suvonova dast ko‘tarishda 95 kilo toshni bo‘ysundirib 6-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, uning siltab ko‘tarishdagi natijasi 125 kg. bilan to‘rtinchi, ikki kurashdagi holati 220 kilogramm tosh bilan bilan 6-o‘rindan joy olishiga olib keldi. -81 kilogrammda yurtimiz sharafini himoya qilgan Rigina Adashbayeva 239 (107+132) kg. bilan umumiy hisobda jahonning eng kuchli sportchilari orasida 24-pog‘onani band etdi.
Eslatib o‘tamiz, Tailandda yakuniga yetib borayotgan jahon kubogi “Parij-2024” yo‘lidagi so‘nggi saralash reyting musobaqasi hisoblanadi. Bahslar ertaga poyoniga yetadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA