AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning G‘azo sektoridagi harakatlarini xato deb atadi.
-Menimcha, uning qilayotgan ishi xato. Uning yondashuviga qo‘shilmayman, -dedi Oq uy rahbari AQSHda ispan tilida ko‘rsatuvlar olib boruvchi “Univision” telekanaliga bergan intervyusida.
Bayden Isroilni G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va eksklavga gumanitar yordamning to‘siqsiz kirishini ta’minlash uchun choralar ko‘rishga chaqirdi.
-Odamlarning sog‘lig‘i va oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojlari qondirilmasligini oqlab bo‘lmaydi. Bu zudlik bilan amalga oshirilishi kerak, – dedi AQSH rahbari.
Jo Bayden 4-aprel kuni Isroil Vazirlar Mahkamasi raisi bilan telefon orqali suhbatda G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini va Isroilni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga chaqirgan edi.
Oq uy rahbari shuningdek, Isroilning “World Central Kitchen” (WCK) xalqaro gumanitar tashkilotining 7 nafar xodimini o‘ldirgani masalasini ham ko‘tarib, mintaqada faoliyat yuritayotgan WCK va gumanitar yordam tashkilotlariga hujumlarni oqlab bo‘lmasligini aytdi.
O‘zA