BMT Xavfsizlik Kengashining jahon tashkilotiga yangi a’zolarni qabul qilish bo‘yicha qo‘mitasi Falastinning a’zolik arizasini shu oy ichida ko‘rib chiqishga qaror qildi. Bu haqda Maltaning BMTdagi doimiy vakili Vanessa Frezer ma’lum qildi. Uning mamlakati shu oyda Xavfsizlik kengashiga raislik qilmoqda, deya xabar beradi “Kazinform” agentligi.

Avvalroq Xavfsizlik Kengashi Falastinning BMTga a’zoligi masalasi bo‘yicha yopiq maslahatlashuvlar o‘tkazgan edi.

Falastin hozirda BMTda doimiy kuzatuvchi maqomiga ega. 2011-yilda Falastin hukumati jahon tashkilotiga doimiy a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan, biroq keyinchalik Falastin bir muddat doimiy kuzatuvchi sifatida qolishga qaror qilgan. Aprel oyida u Xavfsizlik Kengashiga BMTga doimiy a’zo sifatida kirish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqishni davom ettirishni so‘rab xat yubordi.

Doimiy kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan davlatlar ko‘pchilik yig‘ilishlarda qatnashishi va deyarli barcha tegishli hujjatlarga ega bo‘lishi mumkin. Biroq ular ovoz berish huquqiga ega emas. Falastindan tashqari faqat Vatikan ham BMTda doimiy kuzatuvchi maqomiga ega.

Jahon tashkiloti veb-saytida ko‘rsatilganidek, mamlakatni BMTga a’zolikka qabul qilish jarayoni Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga binoan Bosh Assambleyaning qarori bilan amalga oshiriladi. Xavfsizlik Kengashi tavsiyasini olish uchun mamlakat arizasiga Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosidan 9 tasi ovoz berishi kerak. Agar organning doimiy a’zolaridan hech biri (Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH va Fransiya) qarshi ovoz bermagan bo‘lsa. Shundan so‘ng, masala BMT Bosh Assambleyasiga kiritiladi, unda mamlakatning a’zolik haqidagi arizasi ovozlarning uchdan ikki qismini olishi kerak.

 

O‘zA