Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasi 8-aprel kuni Samara viloyatida ro‘y bergan baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘lgan vatandoshlarimizning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa Samara viloyatidagi Ural-Muxanovo trassasida sodir bo‘lgan. “Chimkent-Nijniy Novgorod” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan avtobus yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilib ketgan. Hodisa vaqtida avtobusda 66 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Oqibatda ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, 20 ga yaqin kishi jarohat oldi va darhol tibbiyot muassasalariga joylashtirildi.

Zarur yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi va Qozon shahridagi Bosh konsulxona xodimlari voqea joyiga yetib bordi. Ayni paytda O‘zbekiston diplomatlari Rossiya Federatsiyasining Samara viloyatidagi tegishli tashkilotlari bilan aloqada bo‘lib turibdi. Vaziyat alohida nazorat ostida.

O‘zA