Amir Temur – nafaqat o‘z davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat xomiysi, balki Osiyo va Yevropa qit’alarida ro‘y bergan tarixiy o‘zgarishlarga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatib, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk shaxsdir.

Qolaversa, Sohibqiron bobomiz o‘zligimizni anglash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug‘vor ishlarda xalqimizga ma’naviy kuch bag‘ishlab kelayotgan ulug‘ siymolardan biridir.

Hozirgi kunda dunyoda Temur shaxsiga qiziqish kun sayin ortib bormoqda. Temurning davlat boshqaruviga oid faoliyatini aks ettiruvchi adabiyotlar ko‘payib, ular davlat xizmatchilariga, harbiylarga ham yaqindan yordam bermoqda.

Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Sohibqiron tavalludining 688-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Temur tuzuklari”da davlat boshqaruvi madaniyati” mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy tadbirda shu haqda so‘z yuritildi.

Akademiya rektori Adham Bekmurodov Sohibqironning davlat   boshqaruvi mahorati haqida so‘z yuritib, Amir Temur shaxsi davlatchiligimizning mohiyati va imkoniyatlari ko‘lamini amalda yuzaga chiqarib bergan o‘ziga xos fenomen ekanligini ta’kidladi.

Tarix fanlari doktori, professor Shohista O‘ljayeva, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari – Rustam Karimov, Mirolim Qilichev, taniqli shoir Rustam Musurmon va boshqalar ham buyuk bobokalonimiz haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Amir Temurning strategik yetakchiligi: tuzuklarga sharhlar» kitobi ingliz, xitoy, polyak tillarida katta tirajlarda bosilib, Temur merosini dunyoga tarqatayotgani tadbirda alohida ta’kidlandi.

Ma’lumki, Shoir Abdulla Oripovning “Sohibqiron” dramasi nainki kitobxonlar o‘rtasida, balki teatr arboblari orasida ham qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan. Shu sababdan marhum shoirning turmush o‘rtog‘i Hanifa Oripova “Sohibqiron” dostonida Amir Temur obrazi tarannumi, mazkur dostonning yaralish tarixi haqida ko‘pchilikka hali notanish jihatlarni aytib o‘tdiki, bu yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida mehmonlarga tadbirda faol ishtirok etgani uchun minnatdorchilik izhor qilinib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.

N.Abduraimova, O‘zA