Mamlakatimizda ekologik muhitni yaxshilash, ayniqsa, aholi zich joylashgan hududlarni ko‘kalamzorlashtirishga e’tibor qaratish bugun har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, joylarda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi Boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan hududlarda ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Soha fidoyilari tomonidan ko‘rsatilayotgan ezgu tashabbus aholi kayfiyatiga ham, ularning atrof-muhitga bo‘lgan munosabatiga ham ijobiy ta’sir o‘tkazmoqda.

– Bugungi kunda viloyatimizdagi 5 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uylar atrofiga loyiha doirasida boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan o‘ttiz mingdan ziyod manzarali va mevali, butali daraxtlar ekildi, – deydi Toshkent viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bobur Sobirov. –  E’tiborlisi, endilikda har bir daraxtning o‘z egasi, uning unib-o‘sishi uchun mas’ul belgilanadi. Shu ma’noda joylarda boshqaruv tashkilotlari tomonidan «Bir bolaga bir daraxt» mezoni asosida ko‘p qavatli uylar atrofiga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazilmoqda.

– Ayni vaqtda Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida faoliyat yurituvchi 14 ta boshqaruv servis tashkilotlari bir yerga jam bo‘ldi, – deydi Olmaliq shahar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘lim boshlig‘i Ilhom Shokirov. – Maqsad – hududlarni uyushqoqlik asosida obod qilish. «Bir bolaga bir daraxt» mezoni asosida ko‘p qavatli uylar atrofiga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazilib, boshqaruv servis kompaniyalarining bog‘i tashkil etildi. Ikki oy davomida 700 dan ziyod daraxt ko‘chatlari ekildi. Aytishadiku, yaxshidan bog‘ qolar deb. Bu savobli ishga har bir ishchi xodim faol ishtirok etyapti. Yurtimizni yashillik bilan yanada obod va ko‘rkam qilish, atrof-muhit muhofazasiga har birimiz mas’ulmiz. Ushbu haqiqatni birdamlik asosida qalban anglagan taqdirimizdagina ekologik muhitni barqarorlashtirishga erishamiz. Yurtboshimiz ko‘zlagan bosh maqsad ham shu aslida. Bugun ona zaminga qadaladigan har bir ko‘chat ertaga o‘zimizning, farzandlarimizning yashillikdan, toza havodan to‘yinib yashashimiz kafolatidir.

Ana shu haqiqatni teran anglagan holda Toshkent viloyati qurilish va uy- joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan Ohangaron tumanidan 2 gektar yer maydoniga 10 000 dan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Mazkur umummilliy loyiha doirasida o‘tkazilayotgan tadbirda boshqarma ishchi-xodimlari ko‘tarinki kayfiyatda «Yashil makon»ga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA