9-aprel – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

Mo‘ynoq tumanida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi tomonidan 9-aprel – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari “Silk Avia” kompaniyasi tomonidan yangidan tashkil etilgan «Nukus–Mo‘ynoq» yo‘nalishi bo‘yicha “L-410” rusumli samolyotda Mo‘ynoqqa uchib bordi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari, partiyaning Mo‘ynoq tuman kengashi mas’ullari, Xalq deputatlari Mo‘ynoq tuman kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi a’zolari, partiya faollari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov yig‘ilganlarni  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31-yilligi bilan muborakbod etdi.

Muloqot ishtirokchilariga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining mazmun-mohiyati, har bir yo‘nalish bo‘yicha belgilangan vazifalar, bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar hamda yangidan qabul qilinayotgan qonunlarning mazmuni va ahamiyati tushuntirildi.

Shuningdek, belgilangan vazifalar ijrosi ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini o‘rnatish, bu borada deputatlarning oldida turgan vazifalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi safiga yangidan qabul qilingan a’zolarga partiyaning a’zolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi hamda partiya a’zolarining taklifiga binoan Mo‘ynoq tumani “Jayxun” mahalla fuqarolar yig‘inida partiyaning boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri