Nukusdagi 18-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida qoraqalpoq adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200-yilligiga bag‘ishlangan “Aytgin sen Ajiniyoz qo‘shiqlaridan” deb nomlangan badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Nukus shahar bo‘limi tashabbusi bilan shoir nomi bilan ataladigan maktabda o‘tkazilgan tadbirda faxriylar, yozuvchi va shoirlar, madaniyat xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab shoir haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi.
Ta’kidlanganidek, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li qoraqalpoq xalqi ma’naviy dunyosining boyishiga katta hissa qo‘shgan buyuk shaxsdir. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan shoir tavalludining 200-yilligi YUNESKO doirasida xalqaro miqyosda nishonlanadigan yubileylar ro‘yxatiga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpoq adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200-yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli idora va tashkilotlar tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Yozuvchilar uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida “Ajiniyoz asarlari bilimdoni” respublika ko‘rik-tanlovining shahar va tuman bosqichlari o‘tkazilmoqda.
So‘zga chiqqanlar shoir ijodini keng targ‘ib etish, uning asarlarini o‘rganish orqali kitobxonlarning ma’naviyatini yanada boyitish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir maktab o‘quvchilari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari