So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlari fuqarolar yig‘inlarida tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, shu orqali aholi daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
To‘rtko‘l tumanidagi “Nurli yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida tomorqa yeridan unumli foydalanib kelayotgan Bekchon Hamroyev bir yilda bir necha marotaba daromad oladi. Hozirgi kunda 4 sotixlik issiqxonada bodring, 1 sotixligida pomidor, bulg‘or qalampiri, rediska va ko‘katlar parvarishlanayotgan bo‘lsa, to‘qsonbosti ekinlaridan piyoz va sarimsoqpiyoz yetishtirmoqda. Shuningdek, mirishkor dehqon biogomus ham yetishtirib, tomorqasini o‘zi ta’minlab kelmoqda.
Ushbu mahalladagi Qahramon Karimov oilasi ham tomorqasiga 3 sotixlik issiqxona tashkil qilib, gulchilik bilan shug‘ullanadi. Gulning turli xil yangi navlarini qo‘shni viloyatlardan keltirib ko‘paytirmoqda. Xonada o‘stiriladigan gullar bilan bir qatorda asosan tomorqada o‘sadigan o‘ndan ziyod turdagi gulni yetishtiradi. Albatta, ularni bozorga tayyorlagunga qadar ancha mehnat sarflanadi. Shuningdek, har xil poliz mahsulotlari ko‘chatlarini ham yetishtirib kelmoqda.
Ellikqal’a tumanidagi Paxtachi mahallasida yashovchi sakson yoshni qarshilagan Iskandar Matyaqubov o‘z oila a’zolari bilan yerdan samarali foydalanish hadisini olgan. Yigirma sotixli issiqxonada asosan limon parvarishlaydi. Oila a’zolarining barchasi doimiy mehnat bilan mashg‘ul. Kelgusida yana 30 sotix yer maydonida issiqxona tashkil qilishni rejalashtirgan.
Amudaryo tumani Qoramon mahallasida yashovchi Alisher Yaxshimov 2022 yilda chorvachilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida 66 million so‘m imtiyozli kredit olib, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib keladi. Ushbu kredit mablag‘i hisobiga o‘n bosh qoramol sotib oldi. Hozir ularning soni salkam yigirma boshga yetdi. Shuningdek, qo‘ylarning sonini ham 30 boshga yetkazgan. Chorvachilik bilan shug‘ullanishi natijasida oilaning iqtisodi anchagina yaxshilandi. Qolaversa, qo‘shimcha daromad olish maqsadida asalarichilik bilan ham shug‘ullanib, yiliga 3-3,5 tonna asal oladi.
Qorao‘zak tumani “Qorao‘zak” shaharcha fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Orazali Sarsenbayev xonadoni tomorqasiga ikki ming dona oq terak ekib, ularni fuqarolarga sotib kelmoqda. Bundan tashqari, quyonchilikni rivojlantirish bilan ham shug‘ullanayotgan xonadon egasi har yili tomorqasidan o‘rtacha yuz million so‘mga yaqin daromad olmoqda. Taxtako‘pir tumani “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Bahadir Usakov esa hokim yordamchisi ko‘magi bilan 1,5 sotix issiqxona tashkil etdi. Bugungi kunda eksportbop hosil beruvchi tarvuz va pomidor yetishtirib, mo‘l daromad olish niyatida. Faqat issiqxona bilan cheklanib qolmasdan, asalarichilik, bog‘dorchilik, uy sharoitida parrandachilikni ham yo‘lga qo‘ygan.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Ellikqal’a tumanidagi “Paxtachi” mahalla fuqarolar yig‘inida ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Ra’no Artiqova xonadonida tomorqadan unumli foydalanish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va oilasiga qo‘shimcha daromad olib kirish maqsadida issiqxona tashkil qildi. Bu yerda bodring yetishtirib, 40 tonna hosil olishni rejalashtirgan.
Kichik issiqxonada gul yetishtirish orqali millionlab daromad olsa bo‘ladi. Kegeyli tumanidan Rima Bazarbayeva nafaqaga chiqqach, gul yetishtirishni kasbga, keyin tadbirkorlikka aylantirdi. Yaxshi niyat bilan qilingan har qanday mehnat vaqti kelib o‘z mevasini beradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida tomorqachilik yo‘nalishda olib borilayotgan barcha sa’y-harakatlar aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Shuning uchun ham tomorqasidan mo‘l daromad olayotgan xonadonlar safi ortib bormoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri