Rossiya va Qozog‘iston hududlarini suv bosdi, Trampdan maxfiy reja (+video)

361

Bugungi globallashuv zamonida, tezkor davrda xalqaro maydonda yuz berayotgan muhim va dolzarb voqealar rivojini O‘zAning “Xalqaro dayjest” dasturi orqali havola etamiz.

Demak, haftaning eng muhim xabarlari qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Isroil Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Isroil Rafohga hujum qilish maqsadida qo‘shinlarini qayta joylashtirgan. Mudofaa vaziri Yoav Galant qo‘shinlarning Xon Yunusdan olib chiqilishi jangning tugashi emasligini aytgan. Saxal 7-aprel kuni G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahridagi missiyasini tugatganini e’lon qilgan edi. Ammo Isroil askarlarining muhim qismi G‘azoda qolayotgani aytilmoqda.

Isroil Eron konsulligiga uyushtirgan zarbasidan keyin hamon Eron javobini kutmoqda. Xabarlarga ko‘ra, har ikki mamlakat qo‘shinlari shay holatga kelgan. Tel-Aviv asosan dron va havo hujumiga qarshi tayyorgarlik ko‘rib, Eronning har qanday “ssenariysiga” tayyorligini bildirgan.

Ukrainadagi ziddiyatni 24 soatda to‘xtatishi bilan maqtangan Qo‘shma Shtatlarning sobiq rahbari Donald Trampning “maxfiy tinchlik rejasi” ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, Ukraina Qrim va Donbassni Rossiyaga berish orqali nizoni to‘xtatish mumkin. Trampning aytishicha, har ikki tomon ham tinchlikka erishishni xohlaydi. Bu haqda “The Washington Post” o‘z manbaalariga tayanib xabar bergan.

Rossiyaning qator viloyatlari suv ostida qolmoqda. 8-aprel kuni Orenburg yaqinidagi Ural daryosining sathi 872 santimetrga yetgan. Hududda 786 kishi, jumladan, 35 nafar bola ko‘chirilgan. Bu haqda shahar ma’muriyati ma’lumot berdi. 1,5 mingdan ko‘proq uy suv ostida qolgan. “TASS” xabariga ko‘ra, suv toshqinining eng xavfli nuqtasi 10-aprelga to‘g‘ri kelishi va 20-aprelga kelib vaziyat barqarorlashishi mumkin. Orskda toshqin sabab neftni qayta ishlash zavodi yopildi.

Suv toshqini sabab qo‘shni Qozog‘istonning o‘nta viloyati Abay, Aqmola, Oqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston, Qarag‘anda, Qo‘stanay, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston va Ulitauda mahalliy favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toqayev respublikadagi suv toshqinlari tufayli yuzaga kelgan murakkab vaziyat munosabati bilan o‘z murojaatida ma’lum qildi.

– Ko‘p yillardan buyon kuzatilmagan tabiiy ofat yuz berdi. Ehtimol, bu so‘nggi 80-yil ichida ko‘lami va oqibatlari bo‘yicha eng katta ofatdir, – dedi Toqayev.

Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, suv toshqini boshlanganidan beri 3171 ta xususiy turar-joy binosi va 179 ta hovli suv ostida qolmoqda. 46 ming 755 kishi, jumladan, 14 ming 589 nafar bolalar qutqarilgan va evakuatsiya qilingan. 60 ming bosh qishloq xo‘jaligi hayvonlari toshqindan haydab chiqarilgan, 6 mingga yaqin turli xildagi jonivorlar nobud bo‘lgan.

Toqayev barcha jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatilishini, barcha moddiy yo‘qotishlar qoplanishini ta’kidladi.

Sardorbek Poyonov, Asliddin Alijonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.