Foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

269

Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fuqarolar qimmatbaho metall va toshlarni noqonuniy qazib olayotgani yoxud bu jarayonda qandaydir talafotga duch kelgani kabi axborotlarga ko‘zimiz tushadi. Bu harakatlar yer va yer osti boyliklarining talon-toroj bo‘lishiga olib keladi. Endilikda bu kabi holatlar uchun javobgarlik kuchaytirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida yer va yer osti boyliklarini asrab qolish va muhofaza qilishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yer va yer osti boyliklarini asrab-avaylash va muhofaza qilish borasidagi tizimli ishlarga qaramasdan bugungi kunda fuqarolar tomonidan o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda qimmatbaho metall va toshlarni noqonuniy qazib olish holatlari uchrab turibdi.

Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish harakatlari ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham takroran sodir etilganlik holatlari uchun javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, profilaktika inspektorlariga tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish, sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaslik, yer berish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlikni aniqlash hamda ushbu huquqbuzarliklar uchun ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirish vakolati berilmoqda.

Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi yer va yer osti boyliklarini asrab-avaylash va muhofaza qilish bilan bog‘liq qonunchilikning ijro etilishini ta’minlashga, sohadagi huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasiga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda fraksiya a’zolari tomonidan qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi va qo‘llab-quvvatlandi.

 

M.Komilova, O‘zA