«Diydor»dan yana bir yangi spektakl

317

«Diydor» yoshlar-eksperimental teatr-studiyasida shveysariyalik adib, publitsist va dramaturg Fridrix Dyurrenmatt asari asosida sahnalashtirilgan «Avtohalokat» spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi.

Spektakl voqealari tunda mashinasi buzilib qolgani sababli mehmonxonaga kelib qolgan badavlat odamning – tekstil sanoatining yirik ishbilarmoni Alfredo Trapsning bu yerdagi odamlar bilan «sudlashuv» o‘yinini o‘ynashi va shu orqali boshidan kechirganlari, tazarru va izhorlari, e’tiroflari bilan boshlanadi.

Mehmonxonadagi qariyalar bilan boshlangan savol-javob dastlab bejanjal, beozor gurung tarzida, xafagarchiliklarsiz kechadi. O‘zini «yo‘l qoidasini ham buzmagan inson qanday qilib qotillikka qo‘l ursin» deb ta’riflagan Trapsning kirdikorlari suhbat asnosida asta-sekin oydinlasha boradi. O‘z kirdikorlarini, ma’naviy qiyofasini nechog‘li ayanchli ekanini anglagan Alfredo Trapsning hayoti ham ayanchli – avtohalokat bilan yakun topadi.

Spektakl inson o‘z-o‘ziga mudom hisob berib borishi, o‘ziga tashqaridan nazar sola olishi, vijdoni bilan mudom hamroh bo‘lishi zarur ekanini uqtirgandek bo‘ladi.

Doim jiddiy sahna asarlariga murojaat etuvchi «Diydor» ijodiy jamoasining ushbu yangi spektakli taniqli rejissyor Jahongir Qosimov tomonidan yuksak mahorat bilan sahnalashtirilgan. Aytish kerakki, Jahongir akaning nainki kino, balki teatr rejissyorligi sohasidagi salohiyati ham g‘oyat yuksak va betakror ekaniga teatrning asl muxlislari yana bir marta guvoh bo‘ldilar. Zero, Jahongir Qosimov san’at olamiga ilk qadam qo‘ygan paytlarida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida bir muddat juda samarali faoliyat ko‘rsatgan. Mazkur pesani atoqli adib, ustoz ijodkor Murod Muhammad Do‘st tahrir etgani sahna asari «tili»ning ravon, lo‘nda, ham jozibali, silliq, qiziqarli bo‘lishini ta’minlagan.

Farhod Abdullayev, Karim Mirhodiyev, Abduxalil Mingnorov, Egamberdi Rahimov, Xurshida Arabshoyeva kabi mahoratli aktyorlar jamlanmasi spektaklning mutlaqo muvaffaqiyatini ta’minlagan, desak yangilashmaymiz.

Sektakldan asosiy xulosa shuki – insonning qalbi, vijdoni, ichki dunyosi ma’naviy halokatdan holi, tanazzuldan, ma’naviy yemirilishlardan mudom nari bo‘lsin.

 

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri