O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, tuman hokimliklari zaxirasidagi 60 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun ustuvor ravishda yoshlarga ijaraga beriladi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi quyidagi yangi tizim joriy etiladi:

a)  bir oy muddatda 60 ming gektar yer maydonini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Bunda:

yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10-yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;

zakalat puli bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida belgilanadi;

b)  talabgorlarga:

sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirishga sug‘oriladigan ekin maydonlari;

bog‘dorchilik-uzumchilik yo‘nalishlari uchun ko‘p yillik daraxtzorlar yoki samarasiz bog‘lar yer maydonlari;

dorivor o‘simliklar yetishtirish, chorvachilik yo‘nalishlari uchun chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirishga mo‘ljallangan, lalmi, bo‘z, yaylov va yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlari 30-yil muddatgacha kichik lotlarda “bir massiv – bir mahsulot” tamoyili asosida ijaraga beriladi.

Bunda, elektron onlayn auksion savdolarida 1 nafar talabgor ishtirok etgan taqdirda, istisno tariqasida, auksion o‘tkazilgan hisoblanadi hamda ushbu imtiyozli shartlar asosida o‘tkaziladigan auksion savdolarida yoshlarga yer maydonini faqat bir marotaba ijaraga olishga ruxsat beriladi;

v) talabgorlarga ajratiladigan yer maydonlari o‘lchamlari “mahalla yettiligi” taklifiga ko‘ra aniqlanadi. Bunda:

“mahalla yettiligi” tomonidan talabgorlarga “E-auksion” elektron savdo platformasiga joylashtiriladigan yer maydonlari bo‘yicha kichik lotlarni majburiy biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

ishni yaxshi tashkil qiladigan tadbirkorlar, mahsulotni qayta ishlovchi yoki eksport qiluvchilarga “Yoshlar daftari”dagi bir nechta yoshlarning bandligini ta’minlash majburiyati bilan yaxlit konturdagi yer maydonlarini berishga ruxsat beriladi;

g) yer maydonlarini elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga olgan yoshlar “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar saqlab qolinadi;

d) talabgorlar tomonidan yer maydonlarida yetishtiriladigan ekin turlari va ular miqdorining doimiy monitoringi Yoshlar ishlari agentligining “Yosh fermerlar” platformasi orqali amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, bir oy muddatda “Yosh fermerlar” platformasi ishga tushiriladi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

Mazkur qarorga muvofiq ijaraga beriladigan yer maydonlarida turar joy, bino va inshootlar qurish qatiyan man etiladi.

Yoshlarga ajratiladigan yer maydonlari uchun mini-texnika, urug‘ va ko‘chat xarid qilishga 2024-yilda Yoshlar ishlari agentligi “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 50 milliard so‘mgacha, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 60 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltiriladi.

O‘zA