O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Unga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi” davlat korxonasi negizida davlat muassasasi shaklida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘limi tashkil etiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya, BAA, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha hamda Yaponiya davlatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalari shtat jadvaliga qo‘shimcha ravishda 1 ta shtat birligidan iborat mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi joriy qilinadi.

2024-yil 1-iyundan boshlab Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

  1. “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:

xorijiy tillar va (yoki) kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha miqdorda;

xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun-bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda;

yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘iq xarajatlarini qoplash uchun – bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi;

v) “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila sifatida e’tirof etilgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti, shuningdek, boshqa tavakkalchiliklarini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotini qoplash maqsadida har bir sug‘urtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta ellik ming so‘mgacha miqdorda subsidiya to‘lanadi;

g) xorijda mehnat qilish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga duchor bo‘lgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘siz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq to‘lanadi.

2024-yil 1-sentyabrga qadar:

mehnat migrantlariga yordam ko‘rsatish uchun tun-u kun ishlaydigan SaLL-markaz faoliyati tashkil etiladi hamda yagona telefon raqamining uzluksiz ishlashi ta’minlanadi;

chet eldan chiquvchi abonentlar uchun SaLL-markaz raqamiga qo‘ng‘iroqlarni bepul asosda amalga oshirish imkoni yaratiladi.

2025-yil 1-iyulga qadar:

O‘zbekistondan tashqariga chiquvchi va davlat hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi;

mehnat migrantlari uchun bo‘lib turgan mamlakatlari va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish, vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish imkonini beruvchi mobil ilova yaratiladi.

2024-yil 1-iyundan boshlab mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda ularning oilaa’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident farmoni bilan 2024-2025-yillarda migratsiya sohasidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

2024-2026-yillarda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni tayyorlash va chet elga tashkillashtirilgan tartibda yuborishning xorijiy davlatlar va hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Vazirlik, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari “yo‘l xaritasi” va maqsadli ko‘rsatkichlarda nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarning sifatli hamda o‘z vakqtida amalga oshirilishini ta’minlash uchun javobgar hisoblanadi.

O‘zA