Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pakning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda Telegram monetizatsiyasi yo‘lga qo‘yilishining qonuniyligi o‘rganilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar qonunbuzilish holati kuzatilsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beriladi. Bunda qandaydir provayder bo‘lsa yoki kimdir ularga bu borada yordam bersa, qonun bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek, agentlik rahbari o‘rinbosari O‘zbekistonda Telegram ofisining ochilishi regulyatorga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va qonun buzilish holatlarida jazolash imkonini berishini ta’kidladi.

«Telegram O‘zbekiston qonunchiligiga, jumladan, qonunlarimiz va cheklovlarimizga rioya qilishi, soliq to‘lashi va mamlakatda serverlarga ega bo‘lishi kerak. Bu fuqarolarimizni himoya qiladi va O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ishlaydi», – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram kanal egalari uchun monetizatsiyani ishga tushirgani xabar berilgandi.

Endi 1000 dan ortiq obunachiga ega ommaviy kanallar egalari o‘z kanallarida namoyish etilgan reklamalardan tushgan daromadning 50 foizini olishlari mumkin.

To‘lov faqat raqamli kriptovalyuta – TONda amalga oshiriladi. Kanal sozlamalarida statistikani kuzatish mumkin. Yangi turdagi reklama paydo bo‘ladi, uni joylashtirish uchun TON to‘lanadi.

Monetizatsiya dasturi Rossiya, Ukraina, Falastin, Germaniya va Isroilda hozircha ishlamaydi.

 

Sh.Mamaturopova,

O‘zA