Futbolchilarimiz orasida kuchli beshlik chempionatlarida eng yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan Eldor Shomurodov Italiya A Seriyasi 31-turidan o‘rin olgan «Kalyari» — «Atalanta» bahsida asosiy tarkibda maydonga tushdi.

Uchrashuvni «Atalanta» shiddatli hujumlar bilan boshladi va buning natijasida Janluka Skamakka hisobni ochdi. Biroq uchrashuvning 41-daqiqasida hujumga o‘tgan Eldor Shomurodov raqibning uch himoyachi to‘sig‘ini yorib o‘tib, jamoadoshi Tommazo Aujelloga ajoyib to‘p uzatdi va u hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo‘limda o‘yin tizginini o‘z qo‘liga olgan «Kalyari» jamoasi 88-daqiqada oldinga chiqib oldi. Bu golga Nikolos Viola mualliflik qildi.

Mazkur uchrashuv yakunidan so‘ng «Kalyari» klubi bosh murabbiyi Klaudio Raneri Eldor Shomurodov va o‘yin haqida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

«Eldor yana bir bor zo‘r o‘ynadi. Lapadula mashg‘ulotlarda ko‘ngildagidek harakat qila olmadi va shuning uchun uni bu gal maydonga tushirmadim. Menga bir biriga yordam beradigan o‘yinchilar kerak. Shomurodov chaqqon, tez yugura oladigan futbolchi. Bugun shogirdlarimning barchasiga balli».

Albatta, Eldor Shomurodov hozirda yana o‘z darajasida o‘ynay boshladi va yana barchaning e’tiborini tortishni boshladi. Umid qilamizki, mahoratli futbolchimizning yulduzli onlari yanada uzoq davom etadi.

Yosh bo‘lsada, mutaxassislar tomonida yuqori baholanayotgan Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer-ligasining 22-turidan o‘rin olgan «SSKA» — «Fakel» klublari bahsida o‘zini navbatdagi goliga mualliflik qildi.

«SSKA»ning 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan o‘yinni asosiy tarkibda boshlagan Abbosbek Fayzullayev 75-daqiqada gol kiritdi. Uchrashuvda ajoyib o‘yin ko‘rsatgan Abbosbek Fayzullayev, Vladimir Fedotov, darvozabon — Igor Akinfeev “Russia Time” kompaniyasining soatlari bilan taqdirlandi.

Darvoqe, «SSKA» ushbu natijasi, mamlakat chempionatlari tarixida 100-yirik hisobdagi g‘alabasidir. Shuningdek, Abbosbek Fayzullayev statistikaga ixtisoslashgan «Whoscored» portali tomonidan bahsdagi harakatlari 7,7 ballga baholandi.

Qozog‘istonning amaldagi chempioni «Ordabasi» bu yilgi mavsumda yuqori saviyada o‘yin namoyish eta olmayapti. Biroq, jamoaga o‘zbek legionerlari – Jasurbek Yaxshiboyev va Shahboz Umarovning yorqin o‘yinlari ancha naf keltirmoqda. Premer-liganing to‘rtinchi turida «Ordabasi» safarda «Turon» jamoasini mag‘lub etdi. Uchrashuvda Jasur Yaxshiboyev jamoadoshining jarima nuqtasidan uzatgan to‘pini boshi bilan «Turon» darvozasini aniq nishonga oldi. Ushbu gol evaziga mehmonlar 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan o‘z uylariga qaytdi.

Jasurbek Yaxshiboyevning ushbu golidan so‘ng liga to‘purarlari poygasiga qo‘shildi. Ayni paytda legionerimiz to‘purarlar bahsida uchtadan gol kiritgan Yevgeniy Beryozkin («Qiziljar») va Idris Umayev («Aktobe») bilan birga karvonboshiga aylangan. Shuningdek, «Ordabasi»dagi yana bir futbolchimiz – Shahboz Umarov to‘rtta uchrashuvda bittadan gol va “assist” muallifi bo‘ldi.

Mazkur Premer-ligada to‘rtta turda sakkiz ochko to‘plagan «Qayrat» jadvalning eng yuqori o‘rnida turibdi.

Biz bejizga ushbu jamoaga urg‘u bermadik. «Qayrat» klubida shu kunlarda hamyurtimiz Ibrohimxalil Yo‘ldoshev to‘p tepmoqda. I.Yo‘ldoshev mazkur ligada jamoa tarkibida qarib barcha o‘yinda maydonga tushmoqda hamda asta-sekin klubning asosiy futbolchilari qatoridan joy olayotir.

Qozog‘iston Premer-ligada to‘p tepayotgan to‘rtinchi legionerimiz Shohnazar Norbekovdir. Uning hozircha o‘yini ochilmayapti. Uning ustiga «Qaysar» jamoasi hali birorta ochko to‘play olmadi. Umid qilamizki, Shohnazar o‘z o‘yinini topadi va jamoasining yorqin g‘alabalariga o‘z hissasini qo‘shadi.

Legionerlarimiz haqida, gap borar ekan albatta Eron chempionatida faoliyat olib borayotgan Oston O‘runov haqida to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi.

Oston Eron chempionati 22-turidan o‘rin olgan «Gohar» — «Persopolis» bahsidagi yagona golga 28-daqiqada mualliflik qildi. Uning ushbu goli chempionatning eng go‘zal gollaridan biri bo‘ladi deya olamiz. Ushbu g‘alabadan so‘ng tehronliklar ochkolari sonini 46 taga yetkazib oldi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining navbatdagi yig‘ini bois Superliganing 5-tur uchrashuvi qoldirilganidan foydalanib, «Paxtakor» o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish maqsadida «Olimpik» bilan nazorat bellashuvida maydonga tushdi va 3:0 hisobida o‘yin masalasini hal qildi.

Yana bir nazorat o‘yini «Metallurg« hamda »Navbahor» jamoalari o‘rtasida o‘tdi. Unda «Navbahor» 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Sharhimiz so‘nggida o‘zining keskin va murosasiz o‘yinlari bilan ajralib turuvchi Yevropa qit’asidagi o‘yinlar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Turkiya Superkubogi doirasida «Galatasaroy» — «Fenerbaxche» uchrashuvida kutilmagan holat yuz berdi. Bahsning 1-daqiqasida gol o‘tkazib yuborgan «Fenerbaxche» futbolchilari 3-daqiqada butun jamoa bo‘lib maydondan chiqib ketdi.

Klubning ushbu xatti-harakatlari «Trabzonspor»ga qarshi o‘yindan keyin mezbon jamoa muxlislarining maydonga tushib, «Fenerbaxche» futbolchilariga tashlangani uchun boykot tariqasida amalga oshirildi.

Shu tariqa, Okan Buruk shogirdlari kubokni qo‘lga kiritdi.

Angliya Premer-ligasining 32-turidan o‘rin olgan «Manchester Yunayted — «Liverpul» bahsi 2:2 hisobida yakunlandi.

Bu natijadan so‘ng, musobaqa jadvalida «Arsenal» to‘plar farqiga ko‘ra peshqadamga aylandi. Arteta shogirdlari hisobida 71 ochko mavjud. «Liverpul» ham shuncha ochko bilan 2-o‘rinni band etib turibdi. 3-pog‘onadagi «Manchester Siti» 70 ochko jamg‘argan holda bormoqda.

Bundan tashqari, to‘purarlik uchun kurash ham murosasiz o‘tmoqda. Ligada 19 ta gol urgan Xoland peshqadam bo‘lsada, 18 ta gol bilan Uotkins uni ta’qib qilmoqda. Shuningdek, 3-o‘rindagi Salohda 17 ta gol bor. Ko‘rinib turibdiki, to‘purarlik uchun kurash ham so‘nggi turlargacha qizg‘in davom etadi.

Shu o‘rinda Muhammad Saloh Premer-liganing ketma-ket 4 o‘yinida «Old Trafford»da gol urgan birinchi mehmon futbolchi bo‘ldi.

Ispaniya kubogi finalida «Atletik» va «Malyorka» klublari bosh sovrin uchun o‘zaro raqobatlashdi. 120 daqiqa davom etgan o‘yinning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlandi va g‘oliblar penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda «Atletik» 4:2 hisobi g‘alaba qozondi.

Ma’lumot uchun, «Atletik» o‘z tarixida 25-bor mamlakat kubogi sohibi bo‘lgan. Ispaniya kubogini eng ko‘p «Barselona» qo‘lga kiritgan. Kataloniya klubida jami 31 ta mazkur kubok bor.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA