O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, uning filiallari hamda ilmiy tadqiqotlar instituti uchun 2024/2025 o‘quv yilida qabul 3 ta bakalavriat va 7 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha amalga oshirilishi kutilmoqda.

Xo‘sh, mazkur jarayonlar qay tartibda amalga oshiriladi? Uning shaffofligini ta’minlash, adolatli o‘tishiga erishishda qaysi omillarga e’tibor qaratiladi?

Sport vaziri Adham Ikromov raisligida o‘tgan jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar salohiyatini oshirish hamda ilmiy faoliyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan Sport vazirligi Kuzatuv kengashining yig‘ilishida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida sport tizimidagi ta’lim dargohlari faoliyatiga zamonaviy ta’lim texnologiyalarni joriy etish orqali bosqichma-bosqich ularning boshqaruv tizimini soddalashtirish lozimligi ta’kidlandi.

Ta’lim muassasalarida abituriyentlarning qabul jarayonlarini adolatli, shaffof o‘tkazish, bu borada 2024/2025 o‘quv yili uchun ishlab chiqilgan kasbiy imtihon mezonlarini tegishli sport federatsiyalari mutaxassislarini jalb qilgan holda qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklandi.

Muhokamalar yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan muhim masalalar belgilab olindi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA