O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligidagi prokuratura organlari delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.

Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori I.Krasnovning taklifiga binoan tashkil etilgan tashrif doirasida N.Yo‘ldoshev qator samarali uchrashuvlarni amalga oshirdi.

Tashrifning ilk kunida Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori I.Krasnov bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturalari o‘rtasida 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi.

Bosh prokuratura axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, tashrif doirasida boshqa uchrashuvlar ham o‘tkazildi.

N.Yo‘ldoshev Rossiya Qurilish, arxitektura va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Moskva Meriyasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar davomida Rossiya tomoni o‘zbekistonlik hamkasblarini Moskva shahri misolida “Xavfsiz shahar” tizimi bilan tanishtirdi.

Shuningdek, Bosh prokuratura delegatsiyasi Qurilish, arxitektura va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi faoliyati bilan tanishdi.

Bundan tashqari, Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev va Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi raisi A.Bastrikin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida Bosh prokuror Rossiya tomonini O‘zbekiston prokuratura organlarida amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va ushbu yo‘nalishda tergovchilarning kasbiy tayyorgarligini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar bilan tanishtirdi.

Tomonlar kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashda hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda o‘zaro aloqalarni kengaytirish zarurati ta’kidlandi.

Tomonlar kelgusi yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturini imzolashga kelishib oldi.

O‘zbekiston Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev Rossiya Moliyaviy monitoring federal xizmati direktori Yu.Chixanchin bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar yashirin iqtisodiyot, moliyaviy jinoyatlar va noqonuniy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan harakatlar bo‘yicha fikr almashdi.

O‘z navbatida, Bosh prokuror rossiyalik hamkasblarni O‘zbekiston prokuratura organlari tizimida, xususan, halol tadbirkorlik tizimini himoya qilish, daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarni takomillashtirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish mexanizmlarini samarali nazorat qilinishi haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Tadbir konstruktiv muloqot va o‘zaro anglashuv ruhida o‘tib, tomonlar iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish sohasida idoralararo hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligini bildirdi.

 

N.Abduraimova, O‘zA