Bugungi kunning jiddiy global muammosiga aylangan odam savdosi oqibatida har yili dunyo bo‘ylab jabrlanayotganlarning ayanchli qismati, hamyurtlarimizni aldov yo‘li bilan xorijga sotib yuborish holatlariga qarshi samarali ishlar olib borilmoqda.

Ushbu masala bo‘yicha ko‘plab targ‘ibot tadbirlari olib borilishiga qaramay, odamlar hanuz firibgarlarga aldanib qolayotganligi achinarli holat. Uning oldini olish uchun esa fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirib borish muhim ahamiyatga ega.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida odam savdosiga qarshi kurash va uning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Respublika “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti vakillari so‘zga chiqib, odam savdosiga qarshi kurash masalasi bo‘yicha qonunchiligimizdagi huquqiy hujjatlar va ularning mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi.

Odam savdosi jinoyatidan jabrlanayotganlarning necha foizini ayol va bolalar tashkil etishi, har yili taxminan qancha odam ushbu savdoning qurboniga aylanib qolayotganligi bo‘yicha statistik ma’lumotlar taqdim etildi.

Talaba-yoshlarga har doim ogoh bo‘lishlik, o‘z haq-huquqlarini to‘g‘ri anglagan holda huquqiy bilimlarini yanada orttirib borish zarurligi uqtirildi.

 

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri