Qo‘shni Qozog‘istonning keng ko‘lamli suv toshqini yuz bergan hududlaridan evakuatsiya qilingan aholi soni 19 mingga yaqinlashdi. Bu haqda respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Departament ta’kidlashicha, Oqmola, Oqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston, Qarag‘anda, Qo‘stanay, Pavlodar va Ulitau viloyatlari aholi manzillarida ofat oqibatini bartaraf etish, shuningdek yangi toshqinning oldini olish va qutqaruv ishlarini jadallashtirish choralari ko‘rilmoqda.

– Hozirgacha 1043 xususiy turar-joy binosi va 298 hovli hududini suv bosgan, 18 945 kishi qutqarildi va xavfsiz joyga ko‘chirildi, – deyilgan hisobotda.
Prezident Qosim-Jomart Toqayev tabiat hodisasidan zarar ko‘rgan G‘arbiy Qozog‘iston viloyatiga bordi. Mamlakat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yetakchi safarini suv qoplagan hududlar uzra parvozdan boshlab, keyin Terektin, Sirim va Qorato‘bin tumanlaridagi ahvol bilan tanishgan. So‘ngra Qorato‘be markazidagi Kazim Jumaliyev nomli maktab-gimnaziyada joylashgan evakuatsiya manziliga tashrif buyurgan.

– Maxsus joylardagi vaziyat bilan tanishish uchun keldim, – dedi Toqayev. – Bu misli ko‘rilmagan tabiiy ofat. Shuning uchun birlashib, ofatga umumiy kuch bilan qarshilik ko‘rsatishimiz kerak.

Fuqarolar bilan suhbatda u yaqin o‘tmishda bunday yirik toshqin bo‘lmaganiga e’tibor qaratdi. Shunga o‘xshash holat 1994-yil kuzatilgan, biroq o‘sha payt suv toshishi ko‘lami hozirgidek keng emas edi.

Prezident qishloq ahliga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash uchun davlat tomonidan barcha zarur choralar ko‘rilishini bildirgan.

G.Sattorova,

O‘zA