Ostona shahridagi “Maqsut Narikbayev University” (MNU) talabalari tarix fani bo‘yicha bilimini oshirish maqsadida tashkil etilgan “Ipak yo‘li izidan” loyihasi asosida mazkur universitet talabalari O‘zbekistonga ekskursiyaga keldi.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad – tajriba almashish, talabalarning universitetda olgan nazariy bilimini qadimiy shaharlarga ekskursiya tashkil etish orqali mustahkamlashdan iborat.

Qozog‘istonlik yoshlarning poytaxtimizga sayohati Toshkent davlat yuridik universitetidan boshlandi.

Mehmonlar Toshkent va Samarqanddagi tarixiy maskanlarda ham bo‘lishadi. Ular o‘zbek va qozoq xalqlari tarixi sirlaridan hikoya qiluvchi qadimiy binolarda, ajdodlari merosi bilan yaqindan tanishadilar.

Eslatib o‘tamiz, MNU va TDYUU o‘rtasida mavjud shartnomaga ko‘ra, qo‘sh diplom dasturi amalga oshiriladi. Ilk bitiruvchilar shu yil diplom oladi.

O‘zA