Xabaringiz bor, joriy yilning 2-aprelida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qonun bilan Soliq kodeksiga ayrim tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berishni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritildi.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga asosan “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” davlat dasturiga kiritilgan tadbirkorlarga tabaqalashgan miqdorlarda soliq imtiyozlari va preferensiyalar taqdim etish nazarda tutilmoqda.

Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, Soliq kodeksining 482 va 483-moddalariga bir qator qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, 2025-yilning 1-yanvarga qadar “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlar mol-mulk va yer soliqlarini 50 foizdan 100 foizgacha kamaytirilgan stavkalarda to‘laydi.

Shuningdek, barcha soliqlarni (QQS va soliq agentlari sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) va bojxona to‘lovlari bo‘yicha ta’minotsiz va foizsiz 3 oydan 12 oygacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilmoqda.

Ushbu imtiyozlar “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlarga ular bir vaqtning o‘zida quyidagi shartlarga rioya etgan taqdirda beriladi.

“Ijtimoiy himoya yagona reestr”dagi fuqarolar ishga qabul qilinganda, ularga 1-yil davomida har oy 1 mln. so‘mdan kam bo‘lmagan ish haqi to‘laganda, “Ijtimoiy himoya yagona reestr”dagi fuqarolar ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda.

Ushbu imtiyoz va preferensiyalar Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra mazkur imtiyozlar bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari ixtiyorida 135 mlrd. so‘m mablag‘lar qolishi kutilmoqda. Mazkur soliq imtiyozlari va preferensiyalari 2023-yil 1-iyuldan e’tiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA