Notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notarius huzuriga borish, navbat kutish, o‘nlab hujjat va ma’lumotnomalar taqdim etish kabi murakkab jarayon endilikda o‘tmishga aylanmoqda.

Notarius huzuriga elektron navbatga yozilib, belgilangan vaqtda borib ko‘zlangan ishni bitirish mumkin. Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq notarial harakatlar amalga oshirilayotganda turli qarzdorliklarga oid ma’lumotnoma talab qilinmaydi.

Juda ko‘p notarial amaliyotlar fuqaroning birgina shaxsini tasdiqlovchi hujjati – pasport asosida amalga oshiriladi. Faqat belgilangan to‘lovlar to‘lansa bas.

Endilikda onlayn notarial harakatlar ham joriy etilmoqdaki, bunda notarius huzuriga bormasdan, videomuloqot orqali ishni bitirish mumkin. Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “E-notarius.uz” axborot portali bunga imkon yaratmoqda.

Masalan, avtomototransport vositasini sotmoqchi bo‘lgan shaxs turmush o‘rtog‘ining roziligi haqidagi arizasini notarial idoraga bormasdan, uyda, ishxonada yoxud dunyoning istalgan joyida turib rasmiylashtirishi mumkin.

Ayni paytda onlayn amalga oshiriladigan notarial harakatlar soni yana bittaga ko‘paydi. Farzandi chet elga olib chiqilishini istagan shaxs buning uchun talab etiladigan notarial tasdiqlangan rozilik hujjatini notarial idoraga bormasdan, dunyoning istalgan joyida rasmiylashtirishi mumkin.

Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Bu jarayonda rozilik beruvchi “E-notarius.uz” axborot portalida «Voyaga yetmagan farzandini chet elga olib chiqish uchun rozilik» tugmasini tanlaydi. Tizimga o‘zining shaxsiga oid ma’lumotlarni kiritadi va notarial harakatni yaratadi.

Rozilik beruvchi qaysi farzandi chet elga olib chiqilayotgan bo‘lsa, uning imi-sharifini farzandlar ro‘yxatidan tanlaydi. Shundan so‘ng hamrohlik qiluvchi shaxsning shaxsiga oid ma’lumotlarni kiritadi.

Shu tariqa avtomatik tarzda yoki ixtiyoriy notarius tanlanadi. Notarius notarial harakatni rasmiylashtirishga qabul qilib, vaqtni belgilaydi va taraflarning mobil telefoniga SMS xabarnoma yuboradi.

Belgilangan vaqtda notarius taraflar ishtirokida videokonferensaloqa orqali notarial harakatni rasmiylashtiradi.

Ushbu notarial harakatni uydan yoki ish joyidan chiqmagan holda kompyuter yoki mobil telefon orqali 15 minutda rasmiylashtirish mumkin.

Mavzuga oid yo‘riqnoma bilan video orqali tanishishingiz mumkin.

Norgul Abduraimova, O‘zA