Jahon sportining barcha jabhalarini xususan, biznes, axborot, huquq, sog‘liqni saqlash, sayohat va boshqa tizimlarini birlashtiruvchi hamda sportning xalqaro mavqeini namoyon qilib kelayotgan SportAccord-2024 ko‘rgazmasidan milliy qadriyatlarimizning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan kurash sporti ham joy oldi.

Bu haqda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi xabar berdi.

Joriy yilning 7-11-aprel kunlari Buyuk Britaniyaning Birmingem shahrida o‘tadigan SportAccord-2024 ko‘rgazmasiga bag‘ishlangan global sport tadbirida innovatsion tashabbuslar, zamonaviy sportning yangi modellari va takliflari muhokama qilinishi belgilangan.

Dunyo sportining yetakchilari, nufuzli davlat va jamoat vakillari ishtirok etishi kutilayotgan yilning eng nufuzli global sport uchrashuvida ilg‘or texnologiyalardan foydalanish hamda tadbirlar va sayohatlarni optimallashtirish kabi muhim mavzularda o‘tkaziladigan seminarlar jarayonida milliy sportimiz kurashning ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Shu kunlarda qadimiylikdan zamonaviylik maqomiga ko‘tarilgan kurashning tarixi, rivojlanishi va zamonaviy yutuqlarini aks ettiruvchi tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazish borasida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi mutaxassislari tomonidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

T. Ro‘ziyev, O‘zA