NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukrainadagi harbiy harakat, Kiyevga qurol yetkazib berish NATO xavfsizligi uchun kerakligi, Alyans mamlakatlari xavfsizligi uchun investitsiya ekani xususida gapirdi.

“Ukrainani qo‘llab-quvvatlash xayriya emas, NATO mamlakatlari uchun investitsiya”, – dedi u.

***

Indoneziya Falastinning BMTga to‘loqonli a’zolik to‘g‘risidagi arizasini qo‘llab-quvvatlaydi va boshqa mamlakatlarni ham shunday qilishga chaqiradi, deyilgan ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan xabarda.

– Jakarta “nafaqat Falastining BMTga a’zolik bo‘yicha arizasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, balki ko‘pchilik mamlakatlardan ham shunday qilish”ni so‘raydi, – deya keltirgan ushbu bayonotni “The Jakarta Post” gazetasi.

***

Shveysariya federal kengashi (hukumat) Jenevada NATO ofisi ochilishiga rozilik berdi. Mazkur idora xalqaro tashkilotlar aloqalari bilan shug‘ullanadi, dedi mamlakat tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Per Alen Elchinger TASS muxbiriga.

Bern ushbu idorani “Shimoliy Atlantika alyansi va rasmiy Shveysariya o‘rtasidagi ikki tomonlama ofis, deb hisoblamaydi, balki NATOning Jenevada joylashgan xalqaro va nohukumat tashkilotlar bilan aloqa ofisi” sifatida ko‘radi dedi u. Alyansning Nyu-York va Venada ham shunday ofisi borligi ham ta’kidlangan xabarda.

***

600 dan ziyod britaniyalik yurist “Buyuk Britaniyaning Isroilga qurol yetkazib berishi xalqaro huquqni buzadi”, deya bayonot berdi. Huquqiy xulosasi bilan yozilgan 17 sahifali maktub Birlashgan Qirolliq Bosh vaziri Rishi Sunak nomiga jo‘natilgan. “The Guardian” gazetasi yozishicha, maktubda G‘azoda yuzaga kelgan hozirgi vaziyat o‘ta halokatli ekani ta’kidlangan.

Mualliflar Britaniya hukumati Isroilga qurol sotishni taqiqlashi kerak, deb hisoblaydi.

***

AQSH Falastin davlati xalqaro miqyosda tan olinishiga BMT tuzilmalari orqali emas, balki manfaatdor tomonlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokarasi orqali erishilishini qo‘llab-quvvatlaydi, dedi Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Mettyu Miller.

***

JAR Milliy assambleyasi (parlament quyi palatasi) spikeri Nosivive Mapisa-Nkakula korrupsiyada ayblangandan keyin iste’fo berdi, deb xabar tarqatdi “News24” yangiliklar portali.

U o‘zini jinoiy ta’qibdan himoya qilish maqsadida iste’foga chiqib, aybsiz ekanini ta’kidlamoqda.

Spiker mamlakat mudofaa vaziri bo‘lgan kezlari (2012-2021-yillar) naqd ko‘rinishda million rend pora olganlikda ayblanmoqda.

***

NATO a’zolari Alyans kelajagi haqida o‘ylashi, dunyo urush oldi davrga kirganini tan olib, mudofaa xarajatini oshirishi kerak, deyiladi Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Grant Shepps “The Daily Telegraph” gazetasida e’lon qilgan mualliflik maqolasida.

– 10-yil avval NATO bo‘yicha ittifoqchilar mudofaa xarajatini mamlakat YAIM 2 foizigacha oshirishga kelishib olgan edi, – deb yozgan Shepps. – Endi mudofaamizni mustahkamlash uchun ushbu ko‘rsatkichni oshirish zarur. Binobarin, ayrim mamlakatlar 2 foiz ham sarflamayapti.

***

Yaponiya, AQSH va Filippin xakerlarning kiber hujumidan himoyalanish uchun qo‘shma himoya tizimi yaratishni rejalashtirmoqda, deb yozdi “Nikkei” gazetasi.

10-aprelda Bosh vazir Fumio Kisida va Prezident Jo Bayden Vashingtonda uchrashuv tashkil qilmoqchi. Tomonlar hamkorlikni mustahkamlash, Hind-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha sheriklar bilan birgalikda harakatlanish masalasini muhokama qiladi. 11-aprelda esa Yaponiya va AQSH yetakchilari hamda Filippin Prezidenti kichik Ferdinand Markos ishtirokida oliy darajadagi uchrashuv o‘tkaziladi.

***

Bolgariya davlat milliy xavfsizlik agentligi hamda korrupsiyaga qarshi kurash komissiyasi vakillari mamlakat bojxona idorasida tintuv o‘tkazdi. Milliy televideniye bergan xabarda keltirilishicha, bojxona rahbari Petya Bankov va uning o‘rinbosari Lyudmil Marinov hamda yana besh kishi hibsga olingan.

Tintuv va hibsga olish kontrabanda, pul yuvish va pora berish bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha amalga oshirilgan.

S.Rahimov, O‘zA