Rossiyada Islom dunyosi mamlakatlari Elchilari va Bosh konsullar ishtirokida ommaviy iftor uyushtirildi. 12 mingdan ziyod musulmon Tatariston Respublikasi poytaxti Qozon shahrida to‘planib, birga iftorlik qildi.
Qozon so‘nggi yillarda Islom dinini rivojlantirish, RFning Islom dunyosi bilan aloqasini mustahkamlashda muhim markazlardan biriga aylanmoqda. Bu zaminda har yili minglab muslimlar va faxriy mehmonlar ishtirokida jamoaviy iftorlik tashkil etilishi an’ana tusiga kirgan. Bu yil anjuman ilk bor “Rossiya – Islom dunyosi” strategik qarash guruhi homiyligida o‘tdi va xalqaro maqom kasb etdi.
Bir qator Islom davlatlari elchilari va konsullari, xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurgan tadbirning markazi – “Qozon Ekspo” maydonchasida turli yirik xalqaro tadbirlar uyushtirildi.
Suhbat va kechki nomoz oldidan Rossiyada e’lon qilingan “Oila yili” doirasida oilaviy qadriyatlar to‘g‘risida va’zlar yangradi. Falastin xalqi haqiga duo qilindi.
Musxaf – Qur’onning yangilangan nashri “Qozon basmasi” jamoasining ishtirokchilarga esdalik sovg‘asi bo‘ldi. Shu nomli nashr birinchi marta 1803-yil Qozondagi Osiyo bosmaxonasida chop etilgan va musulmon dunyosida diniy e’tirofga sazovor bo‘lgan birinchi bosma Qur’on sifatida tarixga kirgan. Bu haqda Tatariston musulmonlari ma’naviy boshqarmasi guvohlik berdi. Ilgari yangilangan musxaflar Qozon shahridagi O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari Bosh konsulliklariga taqdim qilindi.
Iftor dasturxonini an’anaviy taomlar – osh, quritilgan mevalar, sharq shirinliklari bezadi.
Majmua ayavonida mehmonlarni halol mahsulotlar ko‘rgazmasi, shuningdek Ramazon oyiga bag‘ishlangan 3D installyatsiya taqdimoti kutib oldi.
– An’anaviy Respublika iftari allaqachon xalqaro miqyosdagi tadbirga aylangan, – dedi muftiy, Tatariston Respublikasi musulmonlari diniy boshqarmasi raisi Komil hazrat Samigullin. – Kelgusi yil qamrovni qanday kengaytirish niyatidamiz. Zero, iftor iymonlilarni birlashtiradi.
Ishtirokchilar baholashicha, yuqori saviyada tashkil etilgan tadbir Rossiyada yilning asosiy voqealaridan biriga tayyorgarlik jarayonida muhim bosqich bo‘ldi. May oyida Qozon Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar delegatsiyalari ishtirokidagi eng yirik tadbir – “Rossiya – Islom dunyosi: KazanForum” XV xalqaro iqtisodiy forumni qabul qiladi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA